"Real" yarim himoyachisi Jud Bellingem "Osasuna"ga qarshi o'yindagi qizil kartochka haqida fikr bildirdi.
La Liga 24-tur bahsida bosh hakam Xose Munuera Montero Bellingemni hakam bilan tortishgani uchun maydondan chetlatgan edi. Ma'lumotlarga ko'ra, u hakamga "Men siz bilan hurmat bilan gaplashyapman, lekin boring o'sha joyga!" degan.
Bellingem bu haqda shunday dedi:
"Aniqki, men xatoga yo'l qo'ydim. Lekin bu o'zaro tushunmovchilik oqibatida kelib chiqdi.
Men nima deganimni takrorlamoqchi emasman, lekin bu haqorat emas, "blin" degan so'zga yaqinroq narsa edi. Hamma shuni bilishini istayman: men jamoamni o'n kishi qoldirishni xohlamaganman.
Agar videoyozuvni ko'rsangiz, men aytgan so'zlar protokolda qayd etilgan gaplar bilan mos kelmasligini ko'rasiz. Ispaniya Futbol Federatsiyasi buni inobatga olishiga umid qilaman.
Men hech kimni haqorat qilmadim – bu videoda ham aniq ko'rinib turibdi. Men bu gaplarni hakamga emas, o'zimga aytganman", – dedi Bellingem.