«Real» darvozaboni Keylor Navas katta ehtimol bilan mavsum so'ngida jamoani tark etadi. Bu haqda AS nashri xabar tarqatdi.
Manbaga ko'ra, 2018 yilning yozida "Chelsi"dan xarid qilgan Tibo Kurtua jamoaning asosiy posboniga aylangani 31 yoshli futbolchiga yoqmayapti. Shu bois, ushbu mavsum oxiriga etganidan so'ng kosta-rikalik darvozabon boshqa jamoadan tushadigan takliflarni ko'rib chiqishga tayyor. Jumladan, Navas Angliya premer-ligasi klubiga o'tishni istamoqda.
Keylor 2014 yilning avgustida 10 million evro evaziga «Levante»dan Madridga ko'chib o'tgandi. U "Qirollik klubi" safida jami 11ta sovrinni qo'lga kiritdi, jumladan 3 martadan Evropa chempionlar ligasi va klublar o'rtasidagi jahon chempionati kuboklarini boshi uzra baland ko'tardi.
Avvalroq futbolchi yanvar oyidayoq klubni tark etishi mumkinligi haqida xabar tarqalgandi.