«Real» rahbariyati kecha bosh murabbiy Xulen Lopetegini iste'foga chiqardi. Ispaniyalik murabbiy qo'lostida "qaymoqranglilar" 14ta o'yinda maydonga tushib, ularda 6ta g'alabaga erishdi, 2ta durang o'ynadi va 6 marta yutqazdi.
Lopetegining Madriddagi ish faoliyati 137 kundan iborat bo'ldi. Bu esa Florentino Peres prezidentlik davridagi (2000-2006; 2009-hozirgacha) eng qisqa murabbiylik faoliyati bo'ldi.
Avvalgi antirekord klubni 2005/06 yilgi mavsumda boshqargan Xuan Ramon Luis Karoga tegishli edi. Bu mutaxassis "Qirollik klubi"da 178 kunlik mehnatidan keyin iste'foga chiqarilgan.
Darvoqe, Peresning rahbarlik davrida eng kam ishlagan murabbiy bor — Xose Antonio Kamacho (117 kun). Ammo u o'z xohishi bilan jamoani tark etgan.
"Real" klubini vaqtinchalik boshqarish vazifasi «Kastilya» bosh murabbiyi Santyago Solariga topshirildi. Reglamentga ko'ra, u bu vazifada 15 kundan ortiq ishlashi mumkin emas.