Portugaliyalik agent Paulu Barboza «Real» hujumchisi Krishtianu Ronalduning muammolari haqida gapirib berdi.
«G'aznaga to'lanishi shart bo'lgan 15 mln evro Ronaldu uchun pul emas. Unda g'urur, obro' va dog' tushmagan nom bor. Ronalduni mana shu narsa qiziqtiradi.
Aslida u Mourino, Maskerano va Rikardu Karvaloga o'xshab, jarimalarni to'lab, ortiqcha g'avg'odan qutulib qolishi mumkin edi. Endi esa ishni chigallashtirib yubordi.
Bu mojaroga «Real» ham aralasha olmaydi, chunki Ronaldu imij huquqlarini sotish orqali olgan daromadidan soliq to'lamagan. Uning atrofidagilar esa futbolchini boshqa klubga ketishi haqida gapirib, vaziyatni yanada og'irlashtirmoqda. Bu – aqlsizlik. Chunki «Real»siz Ronaldu umuman boshqacha futbolchi bo'lib qoladi.
Endi uni sud mahkamasi kutmoqda. Boshqa yo'l yo'q» - dedi Barboza.