«Manchester Yunayted» rahbariyati «Real» hujumchisi Krishtianu Ronalduni xarid qilish uchun kurashga qo'shilmoqchi emas.
Ispaniya prokuraturasi soliq to'lashdan bosh tortish ayblovini qo'yayotgani munosabati bilan portugaliyalik futbolchi "Madrid"ni tark etishi mumkinligi haqidagi xabar bir necha kundan beri "trend"dan tushayotgani yo'q.
Express.co.uk tarqatgan xabarga ko'ra, "qizil iblislar" 32 yoshli futbolchi "qaymoqranglilar" bilan yanada qulay shartnoma imzolash maqsadida makr ishlatmoqda deb hisoblamoqda. Shu bois, "MYu" Ronalduni jamoaga olib kelish uchun muzokaraga kirishmoqchi emas.
Eslatib o'tamiz, Ronaldu 2003-2009 yillarda «Manchester Yunayted» sharafini himoya qilgan.