«Real»ning xorvatiyalik yarimhimoyachisi Luka Modrich vatanida noxush voqeaga o'ralashib qoldi.
AFP xabariga ko'ra, futbolchi «Dinamo Zagreb» klubining sobiq rahbari Zdravko Mamichning sudida yolg'on ko'rsatma berganlikda gumonlanmoqda.
Ayni paytda Mamich «Dinamo» futbolchilarining xorijiy klublarga sotilishi jarayonida 15 mln evro mablag'ni noqonuniy o'zlashtirib, 1,5 mln evro miqdoridagi soliqni to'lamaganlikda ayblanmoqda. Bu borada o'tkazilayotgan sud mahkamasida «Liverpul» himoyachisi Deyan Lovren va «Real» yarimhimoyachisi Luka Modrich guvoh sifatida ko'rsatma bergan.
Mish-mishlarga ko'ra, Modrich «Tottenhem»ga transfer qilinganida ma'lum miqdordagi mablag'ni olgan va buni deklaratsiyaga kiritmagan. Agar Modrichning aybi isbotlansa, unga 5 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.
Ma'lumki, Modrich 2008 yilda «Dniamo»dan «Tottenhem»ga o'tgan edi. 2012 yildan boshlab esa «Real»da o'ynamoqda.