Madridning «Real» klubi deyarli 7 soatdan beri gol ura olmayapti. "Qaymoqranglilar" ketma-ket 4ta o'yindan beri g'alaba qozona olmayapti (3ta mag'lubiyat, 1ta durang). "Qirollik klubi"ning mazkur muvaffaqiyatsizliklarida nafaqat hujumchilar aybdor, balki Toni Kroos va Luka Modrichning yaxshi formada emasligi ham sababchi. Bu raqamlarda ko'rib chiqamiz.
Toni Kroos
Kroos o'z klubi va terma jamoa safida ketma-ket 6ta o'yindan beri g'alaba nimaligini bilmayapti. Germaniya terma jamoasi UEFA millatlar ligasi doirasida Gollandiya va Frantsiya termalariga qarshi o'yinda mag'lubiyatga uchradi. Kroos frantsuzlarga qarshi o'yinda penaltidan gol urdi.
Bundestimning o'zi ham 6ta o'yindan beri g'alaba qozona olmayapti. Bu Toni uchun professional faoliyatidagi eng yomon davr hisoblanadi. Germaniyalik futbolchi ushbu mavsumda o'ziga bo'lgan ishonch va o'yindagi aniqlikni yo'qotib qo'ydi.
Luka Modrich
Xorvatiya terma jamoasi FIFA kunlari doirasida o'tkazilgan Angliyaga qarshi o'yinda golsiz durangga imzo chekdi. Jahon chempionatidan keyin xorvatlarning natijalari u qadar qoniqarli bo'lmayapti. To'g'ri, terma jamoa Iordaniyaga qarshi o'rtoqlik o'yinida g'alaba qozondi (2:1), ammo bu o'yinda Modrich ishtirok etmadi. U ertaroq "Real" safiga qaytib keldi. Luka Modrich ishtirok etgan so'nggi o'yinlarda Xorvatiya 4ta o'yinda g'alaba qozona olmadi.
Keyingi o'yinlar
"Real"ni oldinda muhim o'yinlar kutib turibdi. "Qirollik klubi" "Barselona"ga qarshi kechadigan "klasiko"dan oldin «Levante» va «Viktoriya Plzen»ga qarshi bahslarni o'z foydasiga hal qilishi lozim. Mazkur o'yinlardagi natija ko'p jihatdan Toni Kroos va Luka Modrichga bog'liq.