«Real» hujumchisi Karim Benzema Ispaniya La ligasining 8-turi doirasida bo'lib o'tgan «Alaves»ga qarshi o'yinda (0:1) jarohat oldi.
Kecha frantsiyalik futbolchi tibbiy ko'rikdan o'tdi. Uning o'ng oyog'idagi boldir mushagi jarohatlangani aniqlandi. "Qirollik klubi" rasmiy sayti Benzema qancha muddatda safga qaytishi haqida ma'lumot bermadi. Ammo AS nashri jurnalisti soha mutaxassislari bilan maslahatlashishicha, futbolchining to'liq sog'ayishi uchun 2-3 hafta talab qilinadi.
Shu tariqa, Benzema FIFA kunlaridan keyin «Levante»ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi. U, katta ehtimol bilan, EChL doirasida bo'ladigan «Viktoriya»ga qarshi o'yinda ham maydonga tushmaydi. Karimning «Barselona»ga qarshi bahsda ishtirok etishi so'roq ostida turibdi. Barchasi uning qanchalik tez sog'ayishiga bog'liq.
Benzema Ispaniya chempionatining ushbu mavsumida jami 8ta o'yinda maydonga tushib, 4ta gol urdi.