Futbol bo'yicha Rossiya Federatsiyasida o'tgan Jahon chempionatidan keyingi millionlar o'yinidagi eng shov-shuvli transfer albatta, “Real”ni tark etgan portugaliyalik yulduzning “Keksa sinora” safiga o'tgan bo'ldi. Madridning asosiy jamoasi muxlislarini qiynagan eng katta savol birgina edi: Ronaldusiz “Real” qanday o'ynaydi!? Kim endi hujumlarni yakunlaydiyu?! Kim “Real” bilan bog'liq shov-shuvli maqolalar sarlavhasidan o'rin oladi?! “7” raqamning vorisi kim bo'ladi: Neymar yoxud Mbappe?!
“Real” Madrid muxlislari chin ma'noda vahimaga tushishdi. Zidanning ketishidan hali o'zlariga kelmagan, “Los blankos” muxlislariga shu etmay turuvdi.
Ronalduning ketishi u “Real”ga kelganidan beri har yili, yozgi transferlar vaqtida gazetalarni boqadigan mavzu edi. Mavsum tugaydi. Klub bilan bog'liq har yilgi gap: Ronaldu “Real”ni tark etadi.
Peres bobo uni Madridga olib kelayotgan chog'da, transfer bahosini shu qadar baland ko'tardiki, 1 milliard AQSh dollarini to'laydigan mard topilishi amri mahol edi. Lekin har xil mish-mishlar Ispaniya nashrlari, shu bilan birga Evropaning ko'plab futbol haqidagi gazetalarini butun yozgi transferlar payti boqar edi.
Shu o'rinda o'rinli va albatta tabiiy savol tug'iladi: Ronaldu “Real”siz qoldimi yoki “Real” Ronaldusiz?!
Bu savolning javobi shu qadar mavhumki, hamma ikkalasida ham haqiqat bor degisi keladi, ammo baribir negadir ko'nglining tagida: “Real” Ronaldusiz endi nima qilarkin?! — deya o'ziga savol beradi.
To'g'ri, oxirgi 9 yilda portugaliyalik yulduz Madridda o'rnatilishi mumkin bo'lgan deyarli barcha rekordlarni urdi, “Oltin to'p”, “Pichichi”lar... individual sovrinlar... reklama shartnomalari... Ronaldu tarixda o'z nomini qoldirdi. Ayniqsa, Madridning shonli tarixida.
Inson o'rtacha 70 yil umr ko'rishini inobatga oladigan bo'lsak, 30 yosh aslida hayotning boshlanishi, ammo futbolda bu yosh charp to'p ustalarining quyoshi botishi arafasidagi shafaqqa o'xshaydi. 2016 yildan boshlab biz Ronaldudan oldingidek tezlik va oldingidek yugura ketayotgan holda amalga oshirilishi qiyin bo'lgan fintlarni ko'rishimiz kamaydi. Yulduz 30 dan oshgandi. Tabiat o'z kuchini ko'rsata boshlagandi, ammo baribir u mavsumda urilgan gollarini ko'paytirsa ko'paytirdiki, ammo hech paslamadi. Chap qanot yarim himoyachisi pozitsiyasidan markaziy hujumchiga aylanish bu faqatgina gol urish mahorati emas, aslida qariyotgan Ronalduning imkoniyatlaridan boricha foydalanadi “Real”. Zidan uni “suvini siqib ichdi” desak adashmagan bo'lamiz.
Ronaldu “Real”da yutishi mumkin bo'lgan barcha sovrinlarni oldi. Kezi kelganda Messidan o'tdi, kezi kelganda Messiga mag'lub ham bo'ldi. U karerasining eng yulduzli onlarini “Real” o'tkazdi begumon.
“Galaktikos” degan klubning shafqatsiz yozilmagan qonunlari bor. 30 yoshdan oshgan futbolchilarga sekin astalik bilan uning ketish vaqti yaqinlashayotganini tushuntirish ba'zan emas ko'pincha xunuk xayrlashish odati. Fernando Yerro, Guti...Raul...Kasilyas... Raul va Kasilyasdek “Los-blankos” afsonalariga hatto tuzuk xayrlashish uyushtirilmaganini Ronaldu ko'rgan va bilgan. U obro'si borida chiroyli ketti. Zidan unga dars berdi chog'i!
Baribir o'sha savol ochiq qolaveradi shaxsan men uchun: “Real”siz Ronaldumi qoldimi yoxud Ronaldu “Real”siz?!
Behruz Ali.