UEFA Superkubogi bahsidan o'rin olgan «Real» – «Atletiko» uchrashuvi o'z nihoyasiga etdi. Tallinda bo'lib o'tgan uchrashuvda «matraschilar»ning qo'li baland keldi.
Uchrashuvning ilk soniyalarida nominal mehmonlar raqib darvozasini ishg'ol qilishdi: jarima maydoni ichiga yorib kirgan Diego Kosta darvozaning yaqin burchagini aniq nishonga olgan holda jamoasini oldinga olib chiqdi.
27-daqiqa o'tib borayotgan bir vaqtda Garet Beyl o'ng qanotdan tezlik oldi va to'pni raqib jarima maydoniga uzatdi, u erda paydo bo'lgan Karim Benzema boshi bilan darvozani ishg'ol qildi.
63-daqiqada «Atletiko» himoyachisi o'z jarima maydoni ichida qo'li bilan o'ynadi, natijada belgilangan penaltini Serxio Ramos aniq amalga oshirdi. 79-daqiqada Kosta yaqin masofadan qaymoqranglilar darvozasini ishg'ol qildi va muvozanatni tikladi.
Shu tariqa, o'yinning asosiy vaqti durang natija bilan yakun topdi va qo'shimcha bo'limlarga murojaat qilindi.
Qo'shimcha bo'limlarning birinchisida «Real» markaziy himoyachilarining xatosini Saul Niges gol bilan jazoladi. Oradan ko'p vaqt o'tmay Koke «Atletiko»ning to'rtinchi golini urdi.
Bu hisob «Atletiko»ga g'alabani taqdim etdi va Diego Simenone shogirdlari ushbu mavsumni sovrin bilan boshlaydigan bo'lishdi.
UEFA Superkubogi
Real Madrid – Atletiko 2:4
Gollar: 0:1 – 1 Diego Kosta, 1:1 – 27 Benzema, 2:1 – 63, penalti Ramos, 2:2 – 79 Diego Kosta, 2:3 – 98 Saul, 2:4 – 104 Koke.
Real Madrid – Navas, Varan, Karvaxal, Ramos, Marselo, Kroos (Mayoral, 102), Isko (Vaskes, 83), Asensio (Modrich, 57), Kazemiro (Sebalos, 76), Beyl, Benzema.
Atletiko – Oblak, Godin, Savich, Xuanfran, Lyuka Ernandes, Koke, Lemar (Parti, 90), Rodri Ernandes (Vitolo, 71), Saul, Diego Kosta (Ximenes, 109), Grizmann (Korrea, 57).
Ogohlantirishlar: Asensio (35), Marselo (54), Korrea (60), Diego Kosta (62), Sebalos (90), Modrich (101), Vitolo (105).