Ha, bu yangilikdan xabardor bo'lgach, beixtiyor «Yo'g'-e?!» deb yuborishingizga kafilmiz: Ispaniyada «Ural» nomli jamoa bor!
Ko'pchilik e'tiboridan chetda qolishining asosiy sababi shuki, bu jamoa yosh iqtidor sohiblarini tarbiyalash bilan mashg'ul. Jumladan, hozir «Real» sharafini himoya qilayotgan Lukas Vaskes «Ural»da kamolga etgan.
Xo'sh, Rossiyadagi purviqor tog' bilan ispan klubi o'rtasida qanday umumiylik bor? Quyidagi hikoya shu haqda.
Geografiya sabog'i
1961 yil. La-Korunyadagi maktablarning birida tahsil olayotgan 15 yoshli Augusto Sesar Lendoyro geografiya o'qituvchisining mashhur tog'lar xususidagi hikoyasini jon-dili bilan tinglar, vujudi quloqqa aylangandi. Ayniqsa, «Ural» o'zining betakror tabiati va salobati bilan chigitcha qalbida o'chmas iz qoldirgandi.
Bolaligidan sportga, jumladan, futbolga mehr qo'ygan Lendoyro keyinchalik uncha keng tarqalmagan rolikli xokkeyga munosib sovg'a sifatida «Litsey» klubini ochdi. Lekin asosiy xobbisi bo'lmish futbol rivojini paysalga solib o'tirmadi - 1962 yilda o'zi to'p suradigan ko'cha futboli jamoasidan havaskorlar klubini shakllantirdi.
Shu tariqa klubga nom tanlash zarurati tug'ilganida esa ko'p o'ylab o'tirmadi - «Ural»! Jamoa ramzi ham o'z-o'zidan paydo bo'ldi - chaykalarga to'la osmon ostida yastanib yotgan muazzam tog' 16 yoshli olovqalb yigitning futbolga nisbatan romantik muhabbatidan darak berardi.
Aynan shu muhabbat va yoshlik shijoati klubning jadal rivojlanishini ta'minladi. Moliyaviy imkoniyatlar cheklangan davrda ana shu fidoyilik ko'pgina muammolarning kaliti bo'ldi.
Galisiyaning eng yaxshi klubi
Professional faoliyatni orzu qiladigan bolakaylarga yordam berish, ularni mamlakatning etakchi jamoalari saviyasiga olib chiqishni yosh prezident «Ural»ning ustuvor yo'nalishi sifatida qabul qildi. Tabiiyki, u birinchi navbatda La-Korunyaning bosh jamoasi - «Deportivo» tarkibini iqtidorli yoshlar bilan kuchaytirishga intildi.
Tez orada o'smirlar o'rtasidagi Ispaniya chempionatida 3-o'rinni egallagan jamoa muntazam ravishda Galisiya provintsiyasi etakchilari safidan joy olmoqda. Shu bilan birga, ta'lim tizimining talab darajasida bo'lishiga ham katta e'tibor berilmoqda - 1977 yilda to'laqonli maktabga asos solindi.
1997 yilda esa «Ural» 1200 raqobatchi orasida Galisiyaning eng yaxshi klubi unvoniga sazovor bo'ldi. Mazkur yuksak natija jamoaning rasmiy saytidan joy olib, yosh iqtidor sohiblarini rag'batlantirishga salmoqli ulush qo'shmoqda. Ya'ni mahorat bobida o'zini ko'rsatgan yosh futbolchilar aynan shu saytda intervyu berib, mashhurlik borasida o'z ulushlarini oladilar.
Bugungi «Ural»da 400 nafar boladan tashkil topgan 23ta jamoa faoliyat yuritmoqda. Yuqorida aytilganidek, klub asosan «Deportivo»ni malakali kadrlar bilan ta'minlashga xizmat qiladi.
Qandaydir begona xaridorlar paydo bo'lsa, «Depor» e'tiroz bildirish huquqiga ega. Yaqinda «Selta» o'zboshimchalik bilan «Ural» tarbiyalanuvchilaridan birini o'z tomoniga og'dirishga urinib, yakunda «Depor»dan uzr so'rashga majbur bo'ldi.
«Oltin «Deportivo» asoschisi
«Ural» viloyatning bosh jamoasini futbolchilar bilan ta'minlashdan tashqari, malakali mutaxassislarni ham etkazib beradi. 1988 yilda Lendoyro «Deportivo» prezidenti lavozimini egalladi. U paytda jamoa 600 mln. pesetlik qarz botqog'iga botgan, 2-divizionni tark etishdan arang qutulib qolgandi.
Don Augustoning ko'magi bilan elitaga chiqqan jamoa 1995 yilda kumush medallarni qo'lga kiritdi, 2000 yilda o'z tarixidagi ilk chempionlikni rasmiylashtirdi. Shaharning 300 mingdan ortiq aholisi tun bo'yi ko'chalarda yuksak unvonni nishonladi.
Lendoyro davrida (1988-2013) «Deportivo» bir necha marta EChLda to'p surdi. Bebeto, Pauleta, Rivaldo, Makay, Tristan, Valeron, Amaviska kabi yulduzlar uning sharafini himoya qilishdi.
«Real» uchun yulduzlar
«Ural»ning yana bir faxri - Fransisko Buyo. Afsonaviy darvozabon 6 marta Ispaniya chempioni bo'lgan, Evro-1984da kumush medallarni qo'lga kiritgan, Moskva-80 Olimpiadasi ishtirokchisi. U La-Korunyada tug'ilib-o'sdi, 14 yoshida «Ural»dan joy oldi. Nafaqat so'nggi chiziqda, balki hujumchi pozitsiyasida ham muvaffaqiyatli to'p surdi.
Bitirish mavsumida jamoaning eng yaxshi to'purari nomini qo'lga kiritdi. Keyin «Deportivo» libosida 200dan ortiq uchrashuv o'tkazdi. «Malorka» va «Sevilya»dagi faoliyatidan so'ng «Real» darvozasini 400 marta himoya qildi. 10 yil davomida o'z postini hech kimga bermadi! Buyoning portreti klub muzeyi ko'rki bo'lib turibdi.
«Qirollik klubi»ning hozirgi tarkibida to'p surayotgan Lukas Vaskes ham «Ural» «mahsuloti». Jamoaning EChLdagi so'nggi muvaffaqiyatida Vaskesning ulushi salmoqli bo'ldi. Jumladan, aynan u ishlagan penalti tufayli «Real» «Yuventus» to'sig'idan o'tdi.
Yarim finalda ham Lukas «Bavariya»ga qarshi samarali to'p surdi. To'g'ri, iqtidorli yarim himoyachi Madrid superklubining nufuzli turnirdagi ikkita finalida maydonga tusha olmadi. Lekin «shalpangquloq» kubokni qatorasiga uch marta qo'lga kiritgan futbolchilar safidan joy oldi.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so'nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to'plamda.