Braziliya terma jamoasi va «Real»ning afsonaviy himoyachisi Roberto Karlos faoliyati davomida doping iste'mol qilganlikda gumonlanmoqda.
Yaqinda germaniyaning ARD telekanali jurnalisti Xayo Zeppelt tomonidan Braziliya futbolidagi doping haqida hujjatli film suratga olindi.
Unda ma'lum qilinishicha, Karlos ko'p yillar davomida braziliyalik shifokor Julio Sezar Alvesning mijozi bo'lgan. U esa o'z amaliyotida dopingdan keng miqyosda foydalangan.
Sportschau xabariga ko'ra, ARD jurnalisti qo'lida Alvesning qing'ir ishlarini tasdiqlovchi 200dan ortiq hujjat bor. Bundan tashqari, filmda Alvesning Roberto Karlos haqidagi so'zlari ham keltirilgan. Unda shifokor: «Roberto Karlos 15 yoshga to'lganida uning oyoqlarini hozirgi ko'rinishiga keltirib qo'yganman» - deb aytgan.
Hozircha, futbolchining o'zi va vakillari ARD filmida keltirilgan dalillarga izoh berishdan bosh tortmoqda.