“Real Madrid” Chempionlar ligasini 2 marta ketma-ket yutgan birinchi jamoaga aylandi. “Real” — “Yuve” (4:1) o'yini nafaqat rekord bilan esda qoladi. Bu finaldan so'ng “Oltin to'p” yana Krishtianu Ronalduga nasib etishi kundek ravshan bo'ldi, Evropa futboli yaramas futbolchini topib oldi, Florentino Peres esa Zidanni jahonning eng yaxshi murabbiyi deya maqtadi.
Zidan
Bu qiziq holat: jahon futboli top-murabbiylari oldida biron marotaba Zidan ismi tilga olinmadi, u esa ikki marta ketma-ket Chempionlar ligasida g'alaba qozonmoqda, biroq hamma ham ayta olmaydi buning siri nimadaligini. Zinedin Zidan taktika bo'yicha daho bo'lmasa-da, biroq jamoani ruhlantirish bo'yicha tengsiz ekanligini hammaga isbotladi. Olqishlarga sazovor holat. Qaerdandir iqtidorli o'yinchilarni topadi, uni katta sahnaga chiqarib, hamma tanitadi. Yana u yulduzlar bilan ishlay oladi, bu esa “Real”dek jamoaga juda ham zarur bo'lgan holat.
Manjukichning goli
Agar o'yinni olib qaraydigan bo'lsak, “Yuve” mo'jiza tufayli “Real”ni yutishi mumkin edi. 27-daqiqaga kelib bunga umid bordek edi, chunki Manjukichning golini boshqacha ham atab bo'lmaydi. “Keksa sinyora”likar 3 ta pas evaziga jarima maydonchasiga kirib, Manjukichning ajoyib goli evaziga hisobni tenglashtirishdi. Biroq bu gol “Real”ni kuboksiz qoldirishga kamlik qildi. Bu gol chiroyi evaziga hali ko'p yillar finalda urgan gollar bezagi bo'lib turadi.
KR7 – yana eng kuchli
Yarim yil o'tar-o'tmas, Ronaldu keyingi “Oltin to'p”ga da'vogar. Uning statistikasi aytib turibdi: Ispaniya chempionati, klublar o'rtasidagi Jahon chempionati, Chempionlar ligasi to'purari. Uning finalda urgan ikkita goli “Yuve”ni ruhan sindirdi va o'yinni g'alabagacha olib ketish qolgandi, xolos. Ustiga-ustak agar 2-iyulda Rossiyada Konfederatsiyalar kubogida chempionlikni nishonlasa, bu so'zsiz “Oltin to'p” egasi degani. Messi nima evaziga Ronaldudan o'tishini hech kim bilmaydi, hatto Leoning o'zi ham.
Serxio Ramos – Jahon futboli yaramasi
84-daqiqa, “Real” o'yinda ishonchli tarzda oldinda bormoqda, qo'l-oyog'i bog'langan “Yuve” asta-sekin harakatlanib turgandi, vaqt millari esa “Real”ni kubokka yaqinlashtirayotgan payt edi. To'satdan Serxio Ramos spektakl o'ynadi va muxlislarni zerikishdan saqlab qoldi. Xuan Kuadrado to'pni olish uchun borayotgandi, yo'l-yo'lakay Serxioning oyog'ini asta bosdi. Ramos darhol maydonga yotdi va hatto tez yordam unga yordam bera olmaydigandek chayqalishni boshladi. Oqibatda Kuadrado ikkinchi sariq kartichkani oldi va maydonni tark etdi, Serxio esa hech narsa bo'lmagandek o'yinni davom ettirdi.
“Agar men o'g'limning oldida shu ishni qilganimda, bilasizmi, nima bo'lardi? Men o'g'limning ko'ziga qaray olmasdim”, – deya aytib o'tdi Rio Ferdinand. Qolgan hamma odamlar ham mana shu fikrda edilar. Serxio Ramos esa bu gaplarga tupurgan holda kubokni ko'targancha xursandchilik qildi.