Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Xulen Lopetegi jahon chempionati boshlanishiga 1 kun qolganda iste'foga chiqarildi. Krasnodarda o'tkazilgan matbuot anjumanida Ispaniya qirollik futbol federatsiyasini prezidenti Luis Rubiales bu haqda e'lon qildi.
«Biz bosh murabbiyning xizmatidan voz kechishga majbur bo'ldik. Unga keyingi faoliyatida omadlar tilaymiz. Ispaniya terma jamoasining barcha xodimlar tushunib etishlari kerakki, boshqaruvning umumiy qabul qilingan shakli mavjud.
Men o'zimni sotqin deb hisoblamayman. Hamma muammo shundaki, «Real» klubi Ispaniya futbol federatsiyasini ogohlantirmasdan ish olib borgan. Biz buni e'tiborsiz qoldira olmaymiz.
Lopetegi – shubhasiz professional. Ammo ishni qoidaga muvofiq olib borish kerak», – dedi Rubiales.
Avvalroq federatsiya murabbiyni terma jamoa boshqaruvida qoldirishga qaror qilgani haaqida xabar berilgandi. Boisi, Ispaniya terma jamoasi futbolchilari, jumladan, jamoa sardori Serxio Ramos ham Lopetegini o'z lavozimida qoldirishni so'ragandi.
Eslatib o'tamiz, "Real" klubi kecha Lopetegini bosh murabbiy sifatida e'lon qildi. Ushbu ma'lumot Ispaniya futbol federatsiyasi rahbariyatini g'azabga soldi. Boisi, atigi 3 hafta oldin mutaxassis bilan shartnoma 2020 yilga qadar uzaytirilgandi.