Parijning PSJ klubi “Real”ga hujumchi Krishtianu Ronaldu transferi uchun 150 million evro, futbolchining o'ziga yillik maosh sifatida 45 million evro to'lashga tayyor. Bu haqda “AS” nashri xabar bermoqda.
Ma'lumotga ko'ra, parijliklar “qirollik klubi” rahbarlari bilan uchrashishga ulgurgan va transfer uchun 150 million evro to'lashni taklif qilgan. Ronalduning shartnomasidagi tovon puli aslida 1 milliard evroni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, PSJ Ronalduning yillik maoshini 45 million evro etib belgilab, portugaliyalik yulduzni klubda eng ko'p maosh oladigan (Neymarning maoshi 37 million evro) futbolchiga aylantirmoqchi. Parij jamoasi beradigan maosh miqdori “Barselona” hujumchisi Lionel Messi bilan deyarli teng.
Frantsiyaliklar hujum chizig'ida Mbappe – Neymar – Ronaldu triosini hosil etishmoqchi ammo, bunga bir nechta faktlar halaqit qilishi mumkin.
Birinchidan “Real” Ronalduni qo'yib yuborishga qarshi, ikkinchidan “qirollik klubi” PSJdan Neymarni xarid qilishni rejalashtirib yuribdi. Ronalduning Parijga yo'l olishi Neymarning Madrid klubiga o'tishi haqidagi taxminlardan umuman yiroqda.
Asosiysi, UEFA PSJni moliyaviy feyr-pley shartlarini bajarmayotganligi sabab yana jazoga tortishi ham mumkin.