Evropa chempionlar ligasining 2017/18 yilgi mavsumi ham yakuniga etdi. Muxlislarni lol qoldirgan holda qatorasiga uchinchi marotaba Madridning «Real» klubi yana nufuzli turnirning shohsupasiga ko'tarildi.
Quyida final bahsi atrofidagi va uchrashuvda qayd etilgan diqqatga sazovor fakt va turli ko'rsatgichlar haqida gaplashamiz.
«Real» Evropa ChLning yangi tarixida «shalpangquloq» kubokni ketma-ket 3-marta qo'lga kiritgan birinchi jamoa bo'ldi. Boshqa hech qaysi jamoaga turnirda qatorasiga 2 marta zafar quchish ham nasib etmagan.
To'g'ri, Chempionlar kubogi davrida «Ayaks» va «Bavariya» ketma-ket 3 martadan zafar quchgan. Lekin «Real»ning eski turnirdagi seriyasi 5ta g'alabaga teng (1956-1960 yillar mavsum).
«Real» turnirning butun tarixida 13-marta g'alaba qozondi. Madridliklarning shuncha g'alabadan 4tasini oxirgi 5 yilda tantana qilishgani diqqatga sazovor.
«Real» oxirgi 3ta g'alabasini Zayniddin Zidan qo'l ostida rasmiylashtirdi. Bungacha hech qaysi murabbiy Evropaning eng nufuzli musobaqasida ketma-ket 3 marta g'alaba nashidasini surgan emasdi.
Zayniddin Zidan turnirdagi g'alabalari soni (murabbiy sifatida) bo'yicha Karlo Anchelotti («Milan» bilan 2 marta va «Real» bilan 1 marta) hamda Bob Peysli («Liverpul» bilan 3 marta)ga tenglashib oldi.
«Liverpul» ustozi Yurgen Klopp murabbiylik faoliyati davomida 7-marta finalda qatnashib, 6-marta mag'lubiyatni tan oldi. U Dortmundning «Borussiya»sida ishlagan vaqti Germaniya kubogi finalida 2 marta va ChLda 1 bora mag'lubiyat alamini totib ko'rgandi (barchasi «Bavariya» tomonidan).
«Liverpul» bilan esa bunga qadar Evropa Ligasi va Angliya Liga kubogi finallarini boy bergandi. Qisqasi, Klopp finaldagi yagona g'alabani 2012 yili «Borussiya» bilan Germaniya kubogida nishonlagan.
«Real» yulduzi Krishtianu Ronaldu ChLning eng sovrindor futbolchisiga aylandi. Portugaliyalik futbolchi turnirda 5-marta shohsupaga ko'tarildi. U birinchi g'alabasini «MYu»da nishonlagandi. To'g'ri, Chempionlar kubogini olsak, 5 marta bosh sovrin yutgan yana bir futbolchi bor - «Real» afsonasi Alfredo di Stefano.
«Liverpul» hujumchisi Sadio Mane finalda ham gol urib, «Liverpul» triosi natijasini yaxshiladi. Xullas, Mane - Firmino - Saloh uchligining mavsumdagi gollar soni 30taga etdi.
Bu turnir rekordidir. Umuman, bu futbolchilar ChLning bitta mavsumida 10tadan gol urishdi. Turnir tarixida biror hujum triosida bunday tenglik kuzatilmagandi.
Garet Beyl ChL finallari tarixida zaxiradan maydonga tushib, «dubl» muallifiga aylangan birinchi futbolchi bo'ldi.
Krishtianu Ronaldu EChL-2017|2018ning eng yaxshi to'purariga aylandi. Portugaliyalik futbolchi mavsum davomida 15ta gol urdi. E'tiborlisi, Ronaldu ketma-ket 6 mavsumdan buyon ChL bosh goleadori maqomini begona qilmayapti.
Umuman, u faoliyati davomida turnir to'purarlari poygasida 7-marta g'olib chiqdi. Tarixda hech qaysi futbolchi bunday natijani qayd etmagandi.
«Real» hujumchisi Karim Benzemaning turnirdagi gollari soni 56taga etdi va u umumiy ro'yxatda PSV, «MYu» hamda «Real»ning sobiq vakili Ruud van Nistelroyga etib oldi.
Benzemadan oldinda 3 nafar futbolchi bor: Krishtianu Ronaldu (120ta gol), Lionel Messi (100ta gol) va Raul Gonsales Blanko (71ta gol).
Yakunlangan mavsum «Real»dan tashqari, «Atletiko» ham evrokubok (EL) g'olibi bo'ldi. Shu tariqa Ispaniya jamoalarining so'nggi 5 yildagi xalqaro g'alabalari soni 9taga etdi.
Primero ishtirokchilari bu oraliqda ChLda 5 marta («Real» - 4, «Barselona» - 1) va ELda 4 marta («Sevilya» - 3, «Atletiko» - 1) zafar quchishdi. Qisqasi, so'nggi 5 yilni olsak, boshqa liga vakili atigi 1 marta shohsupadan joy oldi («MYu» avvalgi mavsum EL g'olibiga aylangandi).
Diqqatga savozor tomoni, shuncha vaqtda Evropa superkubogi ham ispan klublaridan ortmadi. Oddiy ifoda etganda, evroturnirlarda Ispaniya va Angliyadan boshqa mamlakat klublari g'alaba nimaligini bilmadi.
«Real» evrokuboklarda 307-g'alabasiga erishdi va bu borada mutlaq rekordchiga aylandi. Bungacha yuqori ko'rsatkich «Barselona»ga ham tegishli edi - 306ta g'alaba.
«Real» va «Atletiko» klublari Evropa superkubogi-2018da o'ynash huquqini qo'lga kiritdi. Bu sovrin tarixida «Madrid derbisi» birinchi marta kuzatiladi. Eslatma, superkubok taqdiriga 15 avgust kuni Tallinda oydinlik kiritiladi.
«Real» o'zi ishtirok etgan evrokuboklar finalida ketma-ket 9-marta g'olib chiqdi. «Qirollik klubi» evroturnirning hal qiluvchi o'yinida oxirgi marta 1982|1983 yillar mavsumida mag'lub bo'lgandi.
O'shanda madridliklar Shotlandiyaning «Aberdin» jamoasiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan. «Real» shundan buyon ChK|ChLda 7 marta, UEFA kubogida 2 marta zafar quchdi.
UEFA texnik kuzatuv guruhi «dubl» muallifi Garet Beylni final o'yinining eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etdi. Fakt shuki, ChLning so'nggi 3ta finalida faqat «Real» vakili eng yaxshi futbolchi maqomini olmoqda. 2016 yili Serxio Ramos, o'tgan mavsum esa Krishtianu Ronaldu e'tirof etilgandi.
Angliya klublari qatorasiga 7-marta finalda Ispaniya jamoalariga imkoniyatni boy berdi: 2006 yil - «Sevilya» - «Midlsbro» - 4:0 (UEFA kubogi); 2006 yil - «Barselona» - «Arsenal» - 2:1 (ChL); 2009 yil - «Barselona» - «MYu» - 2:0 (ChL); 2010 yil - «Atletiko» - «Fulxem» - 2:1 (EL); 2011 yil - «Barselona» - «MYu» - 3:1 (ChL); 2016 yil - «Se-vilya» - «Liverpul» - 3:1 (EL); 2018 yil - «Real» - «Liverpul» - 3:1 (ChL).
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so'nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to'plamda.