Kecha bo'lib o'tgan Evropa chempionlar ligasi finalida "Real" himoyachisi Serxio Ramos "Liverpul" yulduzi Muhammad Salohning jarohat olishiga sabab bo'ldi. Misrlik futbolchi maydonni erta tark etdi, "Qirollik klubi" esa g'alaba qozondi. "Madrid" sardorining xatti-harakatlari ko'plab muxlislarning e'tiroziga sabab bo'ldi.
Jumladan, Change.org veb-saytida qiziq petitsiya paydo bo'ldi. U orqali ishqibozlar UEFA va FIFAdan "Real" himoyachisi Serxio Ramosni jazolashni talab qilishmoqda.
Petitsiya muallifining fikriga ko'ra, Ramos Salohga jarohat etkazish maqsadida ataylab harakat qilgan. Bundan tashqari, muxlislarning fikricha, Serxio bo'lajak futbolchilar uchun yomon namuna bo'lmoqda, futbolchi halol kurash o'rniga turli uslublardan foydalanmoqda.
"UEFA va FIFA Ramosni jazolashi shart", deyiladi petitsiyada. Ma'lumot o'rnida: 200.000 dan ortiq muxlis mazkur talabnomaga imzo chekkan.
Eslatib o'tamiz, Salohning jarohati jiddiy bo'lib chiqmadi, u JCh-2018da ishtirok etishi kutilmoqda. Ramos esa Muhammadga sog'liq tiladi.