Kievdagi “Olimpiyskiy” stadionida bugun katta o'yinlardan biri – Evropa chempionlar ligasining final uchrashuvi bo'lib o'tadi.
Finalda Evropaning eng kuchli ikki klubi “Liverpul” va “Real” o'zaro bahs olib boradi. O'yinning juda ham qiziq va raqobatga boy bo'lishi avvaldan taxmin qilinmoqda.
Chunki “Liverpul” tarkibida Muhammad Saloh, “Real”da esa Krishtianu Ronaldu kabi gol urishni yaxshi ko'radigan futbolchilar bugun yana o'zaro bir-biriga qarshi maydonga tushadi.
Madridliklar finalga yo'llanmani yarim finalda “Bavariya”ga qarshi bo'lib o'tgan ikkita uchrashuvdan iborat asabiy to'qnashuvda (4:3) g'olib bo'lib qo'lga kiritgan bo'lsa, “Liverpul” unga nisbatan osonroq o'yinda “Roma”ni yarim finalda chiqarib yuborgan.
Final bo'ladigan “Olimpiyskiy” stadioni 2012 yil Evropa Chempionati uchun qayta ta'mirlangan bulib, o'shanda ispanlar final o'yinida Italiya terma jamoasini 4:0 hisobida dog'da qoldirgan edi. Maydon o'rindiqlari 63000 muxlis uchun mo'jallangan.
Serbiyalik, 45 yoshli Milorad Majich final uchrashuvining bosh hakami hisoblanadi. Unga qanotlarda Milovan Ristich va Dalibor Jurjevichlar (barchasi Serbiyadan) yordam beradi. To'rtinchi hakami sifatida frantsiyalik Klemen Tyurpen tayinlangan.
Ukraina futbolining yaqin o'tmishdagi yulduzi Anrey Shevchenko UEFA tomonidan musobaqa elchisi deb tayinlangan.
O'tgan oy bo'lib o'tgan yarim final ishirokchilar o'rtasidagi qur'a tashlash jarayoni natijasiga ko'ra, “Real” Madrid final mezboni hisoblanadi. Demak, tayyorlaning bugun bizni soat 23:45 da ajoyib final kutmoqda!