O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi va "Real Madrid" klubi akademiyasi o'rtasidagi kelishuvga asosan 22-23 may kunlari Ispaniyaning “Qirollik klubi” akademiyasi menejerlari Andres Antonio hamda Xuan Pablo tashrif buyurib, yurtimizda Real Madrid Foundation Clinic dasturini ishga tushirish bo'yicha dastlabki harakatlar boshlangani haqida xabar bergan edik.
Ana shu dasturga asosan endilikda “Qirollik klubi”ning 3 nafar murabbiyi — Karlos Albert, Manuel Aguado Xil va Ektor Visente Toshkentga tashrif buyurishadi.
Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, Karlos Albert 2008-2015 yillar davomida “Real Madrid” ning asosiy jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan va Iker Kasilyasdek jahonga mashhur darvozabonga ustozlik qilgan. Hozirda u “Real Madrid” klubida metodist sifatida ish olib bormoqda.
Ispaniyalik mutaxassislar yurtimizdagi bolalarga futbol bo'yicha master-klasslar o'tab berishadi.
2004 va 2008 yillar oralig'ida tavallud topgan 300 nafar tarbiyalanuvchi ishtirokida master klass tadbiri 2 qismdan iborat bo'ladi. Dastavval 4-9 iyun kunlari 2006-2008 yillar oralig'ida tug'ilgan futbolchilar o'rtasida, keyin esa 11-16 iyun kunlari 2004 hamda 2005 yilda tavallud topgan futbolchilar uchun o'tkaziladi.
Har bir viloyatning aholisi sonidan kelib chiqib, O'FA hududiy federatsiyalarga o'z kvotalarini ajratgan. O'FA bilan kelishgan holda, Toshkent shahar FF 2006-2007 yillarda tavallud topgan futbolchilar uchun ajratilgan kvotalarini jahon chempioni bo'lgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga beradigan bo'ldi.
Shu bilan bir qatorda, Azamat Abduraimov boshchilik qilayotgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi ham "Real Madrid" klubi akademiyasining tadbirida ishtirok etadi.
"Real Madrid" ishtirokidagi ikkinchi tadbir kuz faslida bo'lib o'tadi. O'FA va “Qirollik klubi” o'rtasidagi kelishuvga binoan keyingi master klass tadbirini vilotyalarda o'tkazish rejalashtirilgan.