Kecha yurtimizga Ispaniyaning “Qirollik klubi” akademiyasi menejerlari Andres Antonio hamda Xuan Pablo tashrif buyurganligi haqida xabar bergan edik.
Mehmonlar kecha va bugun Toshkentning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirishdi, bir qator sport tadbirlarimizda ishtirok etishdi, “Bunyodkor” stadioni va futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishishdi. Jumladan, “Bunyodkor” stadionida Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida o'tkazilgan matbuot anjumanida qatnashishdi.
Andres Antonio jurnalistlarga javob qaytarar ekan, tashrifdan ko'zlangan maqsad O'zbekistn futbol assotsiatsiyasi bilan yaqin hamkorlik qilish, “Qirollik klubi”ning Real Madrid Foundation Clinic dasturi asosida “Real Madrid”da faoliyat yuritayotgan murabbiylarni O'zbekistonga olib kelish, ular ishtirokida futbol maktablarimizda mashg'ulotlar o'tkazish, futbolchilar bilan ishlash jarayonlari haqida o'z tajribalari bilan o'rtoqlashish, bir so'z bilan aytganda, 115 yillik tarixsha ega “Real Madrid” akademiyasi dasturlari orqali O'zbekistonda bolalar futbolini rivojlantirishga hissa qo'shish ekanligini ta'kidladi.
Uning aytishicha, bu bo'yicha birinchi qadam shu yilning iyun oyida Toshkentda tashlanadi. “Real Madrid” akademiyasining tajribali uch nafar murabbiyi Toshkentga safarbar etiladi, ular 30 nafar o'zbekistonlik bolalar murabbiylari hamrohligida 300 nafar iste'dodli yosh futbolchilarga o'zlarining uslubiyati bo'yicha mashg'ulotlar olib borishadi. O'z o'rnida, saralangan 40 nafar o'zbekistonlik yosh futbolchilar Ispaniyaga safar uyushtirish, jahonning mashhur futbol akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'lishadi. “Real” klubining rasmiy o'yinlari tig'iz ekanligidan kelib chiqib, kelgusida “Real” klubida to'p surgan sobiq yulduzlarni O'zbekistonga tashrifini ta'minlash imkoniyati borligini ham gapirib o'tdi.
Tadbir so'nggida O'zPFL bosh direktori “Real Madrid” akademiyasidan tashrif buyuradigan mutaxassislar uchun O'FA tomonidan barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinishi, asosiy maqsad “Qirollik klubi” akademiyasi ish tajribasini o'rganish, u erda faoliyat olib borayotgan mutaxassislardan yurtimizda futbolni rivojlantirish borasida tegishli maslahatlar olish ekanini ta'kidladi.