Yana 5 kundan keyin Evropa chempionlar ligasining navbatdagi g'olibi aniqlanadi. 26 may kuni Kievdagi "Olimpiyskiy" stadionida "Real" va "Liverpul" jamoalari bosh sovrin uchun kurash olib borishadi. Xo'sh, mazkur bahs uchun jamoalar bosh murabbiylari qanday tarkibdan foydalanishadi? Tahlil va taxmin qilib ko'ramiz.
"Real Madrid"
"Qirollik klubi"ning 9 nafar futbolchisi boshlang'ich tarkibdan o'rin olishi deyarli aniq. Ular: Navas, Karvaxal, Varan, Ramos, Marselo, Kazemiro, Kroos, Modrich va Ronaldu. Qolgan 2ta joyga 5 nafar futbolchi da'vogarlik qiladi: Isko, Beyl, Asensio, Benzema va Vaskes. Ulardan qaysi birini tanlab olish Zidan uchun jiddiy boshog'riq bo'ladi.
"Liverpul"
Zidandan farqli ravishda Klopp boshlang'ich tarkibni to'liq aniqlab olgan. Faqatgina bitta masala noma'lum bo'lib turibdi: "Brayton"ga qarshi o'yinda jarohat olgan Jeyms Milner finalgacha tiklanishga ulguradimi yoki yo'q? Mersisaydliklar safida maydon markazini egallashi so'roq ostida turgan yagona futbolchi aynan Milner. Xenderson va Veynaldum o'z joylarini mustahkam egallab olishgan. Saloh, Mane va Firmino, shubhasiz, hujum uchligini tashkil qiladi. Mudofaa chizig'i Aleksander-Arnold, Lovren, van Deyk va Robertsondan iborat bo'ladi. Karius esa darvozani egallaydi.
Eslatib o'tamiz, Evropa chempionlar ligasi final bahsi 26 may kuni soat 23:45da boshlanadi.