4 aprel kuni, «Santyago Bernabeu» stadionida «Real» (Madrid) klubiga «Futbol do'stlik uchun» Xalqaro bolalar ijtimoiy dasturi maxsus sovrini - «To'qqizta qadriyat» kubogi topshirildi.
Dasturning turli mamlakatlardan kelgan a'zolari bir ovozdan «Real»ni «yilning eng ijtimoiy mas'ul klubi» deb topishdi. Ma'lumki, kubok har yili «Futbol do'stlik uchun» dasturining 9ta - do'stlik, tenglik, adolat, salomatlik, tinchlik, vafodorlik, g'alaba, an'analar va vijdon kabi qadriyatlariga sodiqlik qilganlarga topshiriladi.
«Real Madrid Foundation» - maxsus jamg'armasi 1998 yilda tashkil qilingan bo'lib, 20 yillik faoliyati davomida, kam ta'minlangan oilalarning 800 mingdan ortiq o'g'il va qizlari u orqali sport bilan shug'ullanish imkoniyatini qo'lga kiritib, jamiyatning to'laqonli a'zosi bo'lib ulg'ayishdi.
«To'qqizta qadriyat» kubogining sohiblari orasida «Real»dan tashqari, «Barselona» (Ispaniya, 2015 yil), «Bavariya» (Germaniya, 2016 yil) va «Al-Vahda» (Suriya, 2016 yil) klublari ham bor. Bu sovrinning egasi faqat bolalar tomonidan aniqlanadi.