«Yuventus» klubining sobiq direktori Luchano Moji o'z kitobida Krishtianu Ronalduning amalga oshmay qolgan transferi haqida yozadi:
«Qachon shu haqda o'ylasam, Marselo Salasdan jahlim chiqadi. Uning aybi bilan barcha davrlarning eng yaxshi futbolchilaridan biri Krishtianu Ronalduning transferi amalga oshmay qolgan. Menga uning do'sti maslahat bergan edi: «Bir ko'rgin-a shu bolani, haqiqiy mo''jiza!».
Men unga to'liq ishonardim, shuning uchun ham darhol Portugaliyaga uchdim. Ronaldu «Sporting»da o'ynardi, u bor-yo'g'i 18 yoshda edi. Krishtianu to'pga egalik qilganida raqib o'yinchilari faqat uni tomosha qilishardi. Yosh bo'lishiga qaramay jismonan baquvvat edi. Asosiy jamoada o'ynayotganini o'ziyoq qanchalik kuchli futbolchi ekanini bildirardi.
Uning bitta o'yinini ko'rishimning o'zi etarli bo'ldi. O'shanda 2003 yil edi. Tezda «Sporting» rahbariyati bilan uchrashuv tashkillashtirdim va kelishuvga erishdik. Portugaliyaliklarga 5 million evro va 10 million evroga baholanayotgan Marselo Salasni berishimiz lozim edi. Salasning «Yuventus»da omadi chopmayotgan, jarohati bois ikki mavsumda 32 tagina o'yin o'tkazib, 4 ta gol kiritgan edi, xolos.
Ronalduning narxi uning yoshiga nisbatan ancha yuqori bo'lsa-da, men uning zo'r futbolchi ekanligiga shubha qilmayotgan edim. U bilan gaplashganimda unda buyuk futbolchi bo'lishi uchun hamma narsa etarli ekanini tushundim.
Krishtianu bilan shartnoma haqida gaplashganimdan so'ng Salasni ko'ndirish qolgandi. Ammo Salas «Sporting»ga o'tishni, umuman Portugaliya haqida eshitishni ham xohlamadi. Men unga transferga rozi bo'lishi uchun katta pul taklif qildim – befoyda! Marselo «River Pleyt»ga qaytishni xohladi va u erda ikkinchi yoshligini o'tkazdi. Keyinchalik «Universidad de Chili»ning etakchisiga aylandi. Portugaliyaliklar yosh futbolchisini boshqa futbolchimizga almashishni xohlashmadi. Oxiri kelishuv barbod bo'ldi. Ko'p o'tmay «Manchester Yunayted» Ronalduni ilib ketdi. Aleks Fergyuson «Sporting» bilan o'rtoqlik uchrashuvida Ronalduning o'yiniga qoyil qolgan va ko'p o'ylab o'tirmay uni 15 million evroga sotib olgan edi. U paytda «Yuventus» bunday summani bera olmasdi.