Italiyan jamoasida katta muammolar yuzaga kelmoqda.
Chempionlar Ligasi chorakfinalida markaziy himoyachi Jordjo Kellinining ishtirok etishi so'roq ostida turgan bir paytda, boshqa bir himoyachi Aleks Sandroning ham "Real"ga qarshi baxsda maydonga tushishi noma'lum. "Yuventus" rasmiy sayti Aleks Sandroning rasman jarohat olganini tasdiqladi va kecha himoyachi Braziliya terma jamoasi bazasini tark etganini e'lon qildi.
Klub rasmiy saytining xabariga ko'ra qanot himoyachisining o'ng oyoq sonidan jarohat aniqlangan. Bugundan boshlab himoyachi tiklanish kurslari boshladi. Futbolchining jarohati sabab bir nechta haftani o'tkazib yuborishini inobatga olib "Real"ga qarshi o'ynay olmasligi mumkin degan xulosaga kelish mumkin.
Shuningdek, "Real"ga qarshi jarohati sabab Xuan Kuadrado va Federiko Bernardeskilar ham maydonga tusha olmaydi, Mexdi Benatiya va Miralem Pyanichlar esa diskvalifikatsiya qilingan. Yuqorida xabar berib o'tganimizdek Jordjo Kellini jarohatdan tiklanish jarayonlarini o'tkazmoqda.
Bobojonov