Bugun Evropada mavsumni yakunlab beruvchi eng so'nggi o'yin bo'lib o'tadi. Lekin qanday o'yin bu?! Ko'hna qit'aning eng nufuzli musobaqasi g'olibini aniqlab beradigan o'yinga bahsin qanday jamoalar etib kelishdi?!
"Real" Evropa chempionlar ligasini anchayin "o'ziniki" qilib oldi. Madridliklar, nihoyat, EChLni ketma-ket 2 marta yutib chiqqan dastlabki klubga aylanishi mumkin. Buning uchun Zidan shogirdlarida barcha imkoniyat bor. Mavsum so'nggiga kelib "Qirollik klubi" yaxshi formaga kirdi, futbolchilarning barchasi ajoyib formada. Faqat EChL finali oldidan yuzaga kelgan 2 haftalik oraliq jamoani o'yin ritmidan biroz uzoqlashtirib qo'ymagan bo'lsa bo'lgan. Nazarimizda, unday emas, aksincha, Zidan jamoani o'ta muhim uchrashuvga maqsadli tayyorlay olgan.
"Yuventus" ham ushbu mavsumda yo'lida uchragan raqiblarni ayab o'tirmadi. Turinliklarda Evropaning kamdan-kam jamoalariga nasib etgan "trebl" qilish imkoniyati bor. "Kaksa sinora" Italiya tomonlarda ham chempionlik, ham kubokni qo'lga kiritib bo'ldi. Endi navbat — Evropa chempionlar ligasiga. Metin himoya va ishonchli darvozabon har qanday jamoaning asabini egovlashi aniq. "Yuventus"da jamoaviy o'yin yaxshi shakllangan, klub ham yaxshi o'yin tonusida. Yana bir marta harakat qilinsa, nihoyat, Buffon boshchiligidagi yigitlar qitaning bosh sovriniga ega chiqishadi.
Xullas, bizni juda qiziqarli o'yin kutib turibdi. Kim g'olib chiqsa, bunga haqli ravishda erishadi. Bir-biriga mos jamoalar.
Demak, bugun Uels poytaxti — Kardiff shahri. "Millenium" stadioni. Toshkent vaqti bilan 23:45. Uchrashuvni birgalikda tomosha qilamiz. Saytdan uzoqlashmang, matnli onlayn translyatsiyani bizda kuzatib boring. Hammasi ajoyib bo'ladi.