Alvaro Morata “Leganes” bilan o'yinda xet-trik qayd etgan ikkinchi ispaniyalik o'yinchi bo'ldi. Bundan oldingi natijani Raul qayd etgandi. Morata bir mavsumda gol urish bo'yicha o'z rekordini yangiladi. Shunday bo'lsa-da, Morata o'ynashdan ko'ra zaxirada ko'proq o'tirmoqda.
Hujumchi “Atletiko”da faoliyatini boshlagan. O'zining 24 yoshida “Real” va Ispaniya terma jamoasida haqli ravishda o'ynamoqda. Benzemadan yaxshiroq o'ynayotgan bo'lsa-da, zaxira o'rindig'ida qolmoqda. U “Real”da ikki marta paydo bo'ldi. Birinchi marotaba zaxiradan chiqib, hal qiluvchi gollar kiritgan bo'lsa-da, ishonch qozona olmadi. Ispaniya yoshlar terma jamoasidagi dastlabki 13 ta o'yinida 11 ta gol urgan.
Har bir imkoniyatdan unumli foydalansa-da, baribir, keyingi o'yinda zaxira o'rindig'ida qolmoqda. O'yinchiga na Joze Mourinyu, na Karlo Anchelotti ishonishdi. Yozda “Real” rahbariyatiga “Yuventus”dan taklif keldi. Morata o'ylab o'tirmasdan rozilik bildirdi. Morataning gaplariga qaraganda, “Birinchidan, “Yuventus” boy tarixga ega va grand jamoa hisoblanadi. Ikkinchidan, juda ham kam maydonga chiqardim. Turinliklar meni tezroq sotib olishlarini kutib turardim. Biroq transfer amalga oshishi qiyin kechdi. Nima bo'lganda ham men Turinga keldim va men shu erda”.
Morata “keksa sinyoralar” safida tajribali Karlos Tevez bilan birga to'p surdi. Uning, ayniqsa, “Real” darvozasiga Chempionlar ligasida urgan dubli evaziga finalga olib chiqqani, “Milan” bilan Italiya kubogi finalida hal qiluvchi gollari esda qoldi. Morata Kasilyasni xafa qilganidan so'ng muxlislar o'zlarini tuta olishmadi va Morataga hushtakbozlik qilishdi. Garchi Morata gol urganini nishonlamagan bo'lsa-da. “Hushtakbozlikka kelsak, men bu munosabatga loyiq emasdim deb o'ylayman. Menga oson emasdi”, deydi u bu haqda.
Ikki yil davomida ispaniyalik hujumchining tajribasi anchagina oshdi. Hujumchini darrov qaytarish kerak edi va “Real” qaytardi. Ayyor Peres Moratani sotishdan oldin shartnomasiga sotgan summasidan 10 mln ortiqroq summa yozib qo'ygandi. Morata Turinda ancha yilga qoladiganini ma'lum qilgan bo'lsa-da, “Real”ga ikkinchi marotaba qaytishdan bosh torta olmadi.
Ikkinchi qaytishida Morataning birinchi matbuot anjumanida aytgan gaplari: “Men ikki yil oldingi Morata emasman. Anchagina tajribaga ega bo'ldim. Italiyada bir nechta kuboklar sohibi bo'ldim, jamoa bilan Chempionlar ligasi finaligacha etib bordim va ko'p hal qiluvchi gollar urdim. Ana endi “Real”da o'ynashimdan g'ururlansam ham bo'ladi. Haqli ravishda bu jamoa libosini kiymoqdaman”.
Florentino Peres ham uning gaplarini ta'kidlab o'tdi: “Bizning jamoada yana bir yosh goleador to'p suradi. Eng asosiysi, Morata biz uchun begona emas. U bu erda qanday ishlash kerakligini juda yaxshi biladi”.
Morataning tajriba orttirib kelgani bilinmayotgandek. Zidan hali ham uni zaxirada saqlamoqda. Morataga gol urishi uchun 88 daqiqa kerak bo'lsa, Benzemaga 167 daqiqa kerak. Lekin shundoq ham Benzema asosiy tarkibda. Qishda Morata “Stemford Brij”ga o'tishi haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Agar Zidan bosh murabbiy bo'lib qolsa, Morata ketishi ayondir. “Hammasi jonimga tegdi: zaxiradan tushib gol urish, o'yin vaqtim kamligi, mening kayfiyatim yomonligiga javob berish”.
Tushunarsiz holat ko'p bo'lsa-da, Morataning tomirlarida “qirollik klubi” qoni oqmoqda. “Yoshligimda men otamga va'da berganman “Real”da to'p suraman deb. Bu ishonib bo'lmas holat, jahon yulduzlari bilan birga to'p surish va mashg'ulot o'tkazish”, deydi Morata.