Bugun, 6 mart kuni jahonning eng sovrindor jamoalaridan biri Madridning “Real” klubi asos solinganiga 116 yil to'ldi.
Dunyoning eng boy kishilaridan biri Florentino Peres prezidentlik qilayotgan jamoaga 1902 yilning 6 mart kuni asos solingan bo'lib, “Real” FIFA tomonidan 20 asrning eng yaxshi jamoasi sifatida e'tirof etilgan.
“Qirollik klubi” o'zining shonli tarixi davomida Evropa chempionlar ligasining 12 sovrini, Ispaniya chempionligining 33, Ispaniya kubogining 19 ta bosh sovrinlari bilan birga bir qator e'tiborga molik boshqa sovrinlarni ham shaxsiy muzeyida saqlab kelmoqda.
Shuningdek, “Real” jamoasi Ispaniya yuqori divizionini tark etmagan uch klubning biri hisoblanadi.
Madridliklardan tashqari, “Barselona” hamda “Atletiko” jamoalari ham Ispaniya chempionligini biror marta tark etib, quyi ligaga tushib ketishmagan.
Aslida jamoa 1896 yil “Futbol Skay” nomi ostida tashkil etilgan. Ammo jamoaga rasman asos solingan sana 1902 yilning 6 mart kuni hisoblanadi.
Padros va Xulian Palasios nomli aka ukalar aynan 1902 yil “Madrid Football Club” nomida yangi jamoa tashkil etishadi.
1920 yilning 29 iyun kuni Ispaniya qiroli Alfons XIII jamoa nomiga “Qirollik” qo'shimchasini qo'shish taklifini bildiradi. Shundan so'ng jamoa nomi hozirga qadar “Real Madrid” deya atalib kelinadi.
Jamoa tashkil etilganiga bir yil to'lishi bilan Ispaniya futbolida chempionlik uchun kurashishni boshlaydi.
1903 yil mamlakat kubogi finalida ishtirok etib, Bilbaoning “Atletik” jamoasiga imkoniyatni boy berib qo'yadi.
Lekin shunga qaramay, nufuzli sovrin oradan bir yil o'tib, baribir Ispaniya poytaxtiga olib kelinadi.
Ya'ni “Qirollik klubi” ketma-ket 1905, 1906, 1907, 1908 yillar Ispaniya kubogi sohibiga aylanadi.
“Real Madrid” Ispaniyada 33 marta chempion bo'lgan, bu esa turnir rekordi hisoblanib, hozirgi kunga kelib, hali hech qaysi jamoa mazkur natija borasida “Real”ga tenglasha olmaydi.
Chunki “Barselona” 24 marta “Atletiko” esa atigi 10 marta mamlakat chempionligini rasmiylashtirishgan. Demak, Ispaniyaning har ikki etakchi jamoalari ham “Real”ga etib olishni havas qilishadi. “Atletik Bilbao” (8) va “Valensiya” (6) kabi klublar esa ancha orqada qolib ketishgan.
Aytgancha, bugun “qirollik klubi”ni EChL nimchorak final doirasidan o'rin olgan jiddiy o'yin kutib turibdi.
Madridliklar Parijga 24 nafar futbolchi bilan yo'l olishgan. Agar Zidan shogirdlari bugun keyingi bosqichga o'tish vazifasini uddalay olishsa, balki, EChLda ham sovrin olish bo'yicha shaxsiy rekordlarini yangilashadi.
Sababi “Real” EChL musobaqasida ketma-ket ikki mavsum g'olib chiqib, yangi rekordni o'rnatgan edi.