Zayniddin Zidan «Real» bosh murabbiyligiga kelgach jamoa etakchisi Krishtianu Ronaldu bilan bog'liq sezilarli o'zgarishlar kuzatildi. Maydonda u markaziy himoyachiga aylangan bo'lsa, maydonda tashqarida o'z jismoniy holatini nazorat qilishni o'rgandi. Bu o'zgarishlarga yaqinroqdan nazar tashlab ko'ramiz.
Krishtianu Ronaldu o'yinida pasayish bormi? Albatta, muxlislarni uzoq vaqt davomida g'ayrioddiy driblingi va 30 metrdan urilgan gollariga o'rgatib qo'ygan portugaliyalik futbolchi bunday yorqin roldan voz kechgani aniq. Bu muxlislarni biroz xafa qilishi tabiiy. Lekin bu uning davri tugayapti degani emas, aksincha… Zero Zayniddin Zidan unga shunday o'zgarish yo'lini ko'rsatdiki, bu orqali Ronalduning samaradorligi avvalgidek qolmoqda.
Markaziy hujumchi
Ushbu mavsumda barcha musobaqalarda 45 o'yinda 40 ta gol urgan portugaliyalik yulduz bu borada o'z odatiga sodiq qolmoqda. Lekin Ronaldu hali raqiblarini bu mavsumdagidek kam aldamagan (1 o'yinda o'rtacha 0,9 dribling) va kam zarba bermagan (1 o'yinga o'rtacha 5,6 zarba) edi. Bunday noodatiy statistikaga uning darvozabonlar bilan birga-bir vaziyatlari va jarima amydonchasi ichidagi zarbalari ko'payishini ham qo'shish mumkin.
Bu o'zgarishlarning barchasi «Real» boshqaruviga Zidan kelgach sodir bo'lmoqda: aynan frantsiyalik mutaxassis qo'li ostida Karim Benzemaga «aldamchi to'qqizlik» vazifasi yuklatilgach, Krishtianu Ronalduning ham jamoadagi roli o'zgardi. U frantsiyalik jamoadoshi harakatlari natijasida ochilgan bo'shliqlardan foydalanib jarima maydonchasi ichida ko'proq paydo bo'lib vaziyatlarni yakunlay boshladi.
Ronaldu ushbu mavsumda jami 3 marta jarima maydonchasi tashqarisidan gol urdi, ulardan faqat bittasi jarima zarbasidan («Atletiko»ga qarshi o'yinda). Bu borada ham u «Real»ga kelganidan buyon eng past natija kuzatilgan. Ronladuning ushbu mavsumdagi gollarining aksariyati penalti nuqtasi atrofidan berilgan zarbalar natijasida kiritilgan – o'tgan mavsumlardan uning aksariyat gollari jarima maydonchasining chetroq qismlaridan kiritilar edi.
Zidanning ushbu mavsumda «Real»ni ko'pincha ikki hujumchi bilan o'ynatishi Ronalduga qanotdan uzatilgan to'plarni qabul qilish va penalti nuqatasi atrofidan zarba yo'llash imkonini berdi. O'z navbatida Ronaldu jarima maydonchasi ichida xoh birinchi zarbalarda, xoh qaytgan to'plarni tepishda bo'lsin, o'ta aniqlik bilan harakat qildi.
Jismoniy holatning yaxshiroq nazorati
«Bu balki men o'zimni jismoniy jihatdan eng yaxshi his qilayotgan davrimdir. Avvalgi mavsumlarning oxirida men biroz charchagan holatda bo'lardim, chunki juda ko'p o'ynardim. Bu safar shu nazorat tufayli vaziyat biroq boshqacha. Bu Zizu tomonidan amalga oshirilgan juda aqlli nazorat», – dedi Ronaldu Evropa Chempionlar Ligasi finali oldidan tashkillashtirilgan intervyuda.
Bu portugaliyalik futbolchining mavsum davomida jamoani boshqarish borasida Zidan sha'niga aytilgan ilk maqtovi emas. Aslida Ronaldu avvallari bu masalaga hozirgidek yondashmas edi. Ko'pincha to'rtinchi hakam tabloda uning maydonni tark etishini anglatuvchi raqamni ko'rsatgach, ochiqchasiga jahlini namoyish etardi. Biroq endi 32 yoshda bo'lgan futbolchi bu masalada ham o'zgargan.
Agar u Tottidek uzoq o'ynashni istasa, har mavsumda 50 tadan o'yin o'tkazish bilan bunga erishib bo'lmaydi. «Avvalgi yillardagi zo'riqishlar tufayli u mavsum oxirini yuqori holatda o'tkazishimiz uchun dam olishi kerakligini biladi. Bu futbolchilar bilan gaplashilishi kerak bo'lgan mavzu», – degan edi buni yaxshi tushungan Zidan. Hozir frantsiyalik mutaxassis mehnatlarining samarasini faqat e'tirof etish mumkin.
Odatda mavsum oxirida mushaklarida zo'riqish paydo bo'lib kelgan Ronaldu bu safar «Real» libosidagi eng yaxshi may oylaridan birini o'tkazdi: u barcha musobaqalardagi oxirgi 5 o'yinida sakkizta gol urdi. Ajoyib formaga kirgan Ronaldu endi bundan «Yuventus»ga qarshi bo'lib o'tadigan Evropa Chempionlar Ligasi finalida foydalanishi kerak.