«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan Ispaniya kubogining 1/8 final bosqichi doirasida «Numansiya»ga qarshi bo'lib o'tgan o'yin (2:2, birinchi o'yin – 3:0) borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
«Biz yaxshi o'yin o'tkazdik, deb o'ylayman. Shunga qaramay, bizga g'ayrat etishmadi. Maydonga kam tushadigan futbolchilar uchun o'ynash oson emas. Birinchi o'yin hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lgandi.
Nima xohlasangiz o'ylashingix mumkin, ammo kam o'yin amaliyotiga ega bo'layotgan futbolchilar uchun haqiqatan ham o'ynash og'ir. Birinchi va ikkinchi bo'lim so'ngida bizni jazolashdi. Umuman olganda, jamoa o'yinidan qoniqish hosil qildik. Biz chorak finalga chiqdik va bu muhimi.
O'z uyimizda yana g'alaba qozona olmaganimiz meni xavotirga solmaydi. Biz sidqidildan ishlashda davom etib, ijobiy ruhda bo'lishimiz kerak. O'zimizga to'la ishonch hosil qilishimiz uchun 2-3ta o'yinni yutishimiz kerak. Taslim bo'lmoqchi emasmiz», – dedi Zidan.