"Real" bosh murabbiyi Zinedin Zidan kubok uchrashuvi oldidan futbolchilar bilan yig'ilish o'tkazdi va ulardan e'tiroz eshitdi.
Mashg'ulotgacha o'tkazilgan jamoga yig'ilishi 45 daqiqa davom etdi. Unda Zidan futbolchilarni jipslashishga va chempionatdagi ahvolni yaxshilashga undadi. Shuningdek, EChLda "PSJ"ga qarshi qiyin o'yinlarni eslatdi.
Murabbiy yig'ilishda gapirgan ayrim gaplari sir bo'lib qolmoqda. Zidan buni OAV bilan bo'lishishni istamasda, qisqacha sharhlab o'tdi.
"Bunday holatga tushib qolgandan so'ng undan chiqishning yagona yo'li bu - ishlash. Men o'z retseptimning muvaffaqqiyatiga ishonaman. Barcha jabhalarda ishlash kerak, gap faqat jismoniy holatda emas, ruhiy holat ham muhim. Kimgadir loy chaplamayman, kimnidir ayblamayman, hamma bir qayiqda. Bu qayiqni hech kim tark etmaydi" deydi Zidan.
Cadena SERnashri ushbu suhbat haqida ba'zi ma'lumotlarni olgan. Yig'ilishda jamoa etakchilari Krishtianu Ronaldu, Serxio Ramos va boshqa ispan futbolchilari o'z fikrlarini aytgan.
Yosh futbolchilar ham o'z dardlarini yashirmaganlar. "Kim ko'p mashq bajarsa - o'sha maydonga tushishi haqidagi gaplar yolg'on bo'lib chiqyapti", - deya e'tiroz bildirgan yoshlar. Yoshlar bu e'tirozni xotirjam tarzda aytganlari ta'kidlanmoqda. Cadena SER ga ko'ra, futbolchilarning biri bu yig'ilishni "Zerikarli va foydasi kam" deb atagan.