«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan o'zining faoliyati borasida fikrlarini bildirib o'tdi.
«Zayniddin Zidan hozirda «Real» o'yinchisi emas. Endi bunday Zidan yo'q. Hozir murabbiy Zidan bor. Men faoliyatimni boshqatdan yaratyapman. O'yinchi sifatida erishgan yutuqlarim meni qutqarib qola olmaydi.
Qachondir "Real"dagi faoliyatim yakunlanadi. Shu bois, menga berilgan imkoniyatdan foydalanishga ulgurib qolishim kerak. O'zimga o'zim aytaman: «Ixtiyoringda 10 kun vaqt bor, undan samarali foydalanib qol. Agar bu muddat yarim yil bo'lsa, bu vaqt davomida qo'lingdan kelgan barcha ishni amalga oshir». Boshqa hech narsa haqida o'ylamayman. "Real"da 10 yil ishlamasligimni bilaman.
Tashqaridan bo'layotgan bosim menga ta'sir ko'rsatmaydi. O'zimni qalqon bilan himoya qilaman — menga hech narsa ta'sir qila olmaydi. «Real»da menda katta mas'uliyat bor. Lekin uyga kelganimda hamma narsani unutaman.
Ko'p murabbiylar uyga kelganida ish haqida o'ylashni to'xtata olmaydi. Bu mening qo'limdan keladi. Uyga kelaman hamda turmush o'rtog'im va bolalarim bilan vaqtni o'tkazaman. Biz televizor ko'ramiz va kechki ovqatni tanavvul qilamiz. Men ishdan o'zimni chalg'itaman. Bu muhim narsa.
Hamma narsa yaxshi ketmayotgan paytda o'zimni yaxshi murabbiy ekanimni ko'rsatishni istayman. Qiyinchiliklar meni qo'rqitmaydi. Men hamma narsaga tayyorman. Odamlarga hamma narsa men uchun oson kechayotgandek ko'rinishi mumkin, ammo bunday emas. Men o'yinchi yoki murabbiy bo'lamanmi — hamisha yurakdan mehnat qilaman», – dedi Zidan.