«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin nima ish bilan shug'ullanishi mumkinligi haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
«Hozircha e'tiborimni futbol maydoniga qaratganman. Qachondir futbolni yig'ishtirishimga to'g'ri kelishini bilaman. Hozircha esa o'yindan maroq olishni istayman. Bu juda yaxshi.
Pensiyaga chiqqanimda hayotim yaxshi kechishini bilaman. Bu pulim ko'pligi uchun emas, balki o'zimni yangi sohalarda sinab ko'rishim mumkinligi uchun. Masalan, film suratga olishga harakat qilib ko'raman. Shuningdek, mehmonxona, fitnes-zallar, «Nayk» yo'nalishidagi kiyim ishlab chiqarish sohasini yo'lga qo'yib olganman. Qanday qilib biznesmen bo'lish mumkinligini o'rganishni istayman. Men 27-28 yosh paytimdan boshlab o'z kelajagimni rejalashtirishni boshlagandim.
Ortimda juda yaxshi jamoa ishlamoqda. Kompaniyalarimda ko'p insonlar mehnat qilmoqda. Qiziq loyihalarni amalga oshirishda ular menga yordam berishdi. Men maydonda bo'lganimda barcha narsa menga bog'liq bo'ladi, ammo qolgan sohalarda hamma narsa kompaniyalarimda ishlayotgan odamlarga bog'liq.
Muvaffaqiyatimning siri nimada? Motivatsiya. Agar siz nimagadir ruhlangan bo'lsangiz, uni bajarish oson kechadi. Futbolda ko'p ishlash kerak. Sening ambitsiyang, sening ishtiyoqing... Sen ko'p narsani o'zingda jamlashing kerak.
Hamon futbolga nisbatan ehtirosni his qilyapman, g'alaba qozonishni yaxshi ko'raman, yildan-yilga ko'proq muvaffaqiyatlarga erishishim mumkinligini sezyapman. Odamlar mening yoshim haqida gapirishmoqda, ammo men ularning fikriga qo'shilmayman. Ko'pgina yosh o'yinchilar jarohatdan aziyat chekishadi. Boisi, ular o'z tanalari borasida qayg'urishmaydi. Mening yoshim 32da, deyarli 33da. Men endi yosh bola emasman. O'zimni kuchli va ruhlangan sifatida his qilyapman. Nazarimda, men o'z kuchimni his qilyapman va bu men uchun katta ahamiyatga ega», – dedi Ronaldu.