"Al Jazira" bosh murabbiyi Xenk ten Kate klublar o'rtasida jahon chempionatida "Real" bilan uchrashuv oldidan fikrini hazil tariqasida bildirdi.
"Biz uchta avtobus qo'yishimiz kerak. Balki ikkitasini Mourinodan so'rab turarman. Voqeaga real ko'z bilan qarash kerak. G'alaba uchun imkoniyatlarimiz kam. Mahoratdagi farq juda katta, ammo jamoam oxirigacha kurashadi.
Biz doim Angliya, Ispaniya, Germaniya chempionatlari o'yinlarini ko'ramiz. Endi esa shogirdlarim Krishtianu Ronaldu bilan bir maydonda to'p suradilar. Yigitlar nimani his qilayotganlarini tasavvur qilishim mumkin. Umid qilamanki, yigitlar ko'p asabiylashmaydilar.
Biz o'yinchilarimizga qo'shimcha turtki berishimiz shart emas. Ular hammasi PlayStation o'ynaydilar, ko'pchiligi "Real"ga muxlislik qiladilar. Endi "Real" o'yinchilari bilan maydonda kurashamiz. KO'pchilik o'yinchilarimiz uchun hayot-mamot o'yini bo'ladi", - deydi ten Kate.
Klublar jahon chempionati yarimfinalining "Al Jazira" - "Real" uchrashuvi bugun, 13 dekabr bo'lib o'tadi.