Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

«Real» kimni sotib oldi yoxud Teo Ernandes haqida ma'lumot

«Real Madrid» klubi «Atletiko» himoyachisi Teo Ernandes transferi bo'yicha kelishuvga erishgani xususida xabar tarqatdi. 

.
- Yuklab olish

«Real Madrid» klubi «Atletiko» himoyachisi Teo Ernandes transferi bo'yicha kelishuvga erishgani xususida xabar tarqatdi. «La-primero: yosh ispan qaydnomalari» blogi (Bombardir.ru sayti) esa darrov «taftish» ishlarini boshlab, bu futbolchi bilan yaqinroq tanishish asnosida uning «Qirollik klubi» uchun nechog'li zarurligini aniqlashga urindi. Aytish o'rinli, Teo Ernandes braziliyalik Vinisius Junior qatori Ispaniya ligasidagi bosh nyusmeyker (e'tibordagi  iqtidor) sifatida e'tirof etilmoqda. Tabiiyki, OAVda transfer huquqi bo'yicha «Atletiko»ga tegishli futbolchi (u oxirgi mavsum «Alaves»da o'ynadi)ning azaliy raqib jamoa safiga qo'shilishi keng muhokama qilinmoqda. Darhaqiqat, ushbu o'tish tarixida juda ko'p nozik jihatlar bor.

Teo Ernandes - bu yigit kim o'zi?

Teo 1997 yilning 6 oktyabrida Frantsiyaning Marsel shahrida tug'ilgan. Uning otasi ham vaqtida professional futbolchi bo'lgan va Ispaniyada uzoq yillar davomida «Atletiko» hamda «Rayo Valekano» klublari sharafini himoya qilgan. To'g'ri, u o'g'li tug'ilgan yil Frantsiya oliy divizionida to'p surardi. Katta Ernandes keyinchalik faoliyatini davom ettirish uchun La-ligani tanlaydi hamda oilasi bilan Ispaniyaga ko'chib o'tadi. Xullas, Teo akasi Lukas kabi «Atletiko» akademiyasida shug'ullanadi. Aka-uka butun yoshlar tizimini bir yo'nalishda bosib o'tishdi va ularni «Atletiko» o'rinsobarlar jamoasiga deyarli teng vaqtda jalb etishdi. Mana, joriy mavsum Lukas sekin-asta asosiy tarkibga kirish urinishini boshladi, Teoni esa tajriba oshirishi uchun mehnat safariga jo'natishni lozim topishdi - «Alaves»ga. «Matraschilar» shuning barobarida yigitcha bilan shartnoma tuzish orqali kutilmagan voqeliklardan o'ziga xos himoyani ta'minlashdi. Xullas, yigitchaning kelishuvida aniq summani ham belgilashni unutishmadi - 30 million evro.

O'yin uslubi

Teoning e'tiborga tushganiga ancha bo'ldi. Xususan, ko'zga ko'ringan skautlar ham uning istiqboli xususida ijobiy fikr bildirib, beqiyos iqtidorini maqtashdan o'zlarini tiyishmadi. Muhimi, chetdan yangrayotgan maqtovlar Ernandesga salbiy ta'sir o'tkazgani yo'q. Harqalay, yigitcha o'sish sur'atini bir maromda ushlab turibdi. Deylik, u yaqindagi yakuniga etgan chempionat mobaynida «Alaves»ning muhim «figura»laridan biri sifatida jamoaga etarlicha naf keltirdi. Teo amplua bo'yicha chap qanot himoyachisi rolini bajaradi. Yosh futbolchining asosiy ustunligi - bu serqirralik. Boshqacha  aytganda, Teo har tomonlama talab darajasida rivojlangan. Misol uchun, orqa chiziqda sifatli ishlash barobarida hujum harakatlariga ham beqiyos hissa qo'shadi. Raqamlarga murojaat etsak, Ernandes La-liga doirasidagi o'yinlarda raqiblar darvozasi yonida jami 21 marta xavfli vaziyat yaratdi. Darvoqe, Evropaning eng kuchli 5ta chempionatiga qarasak, hech bir himoyachi bunday ko'rsatkich bilan maqtanolmaydi. Uning muvaffaqiyatli yurishlari tamal toshi - dribling mahorati. Yana raqamlar - himoyachi mavsum davomida 60 marta samarali aldab o'tish harakatini amalga oshirdi. Bunisi endi 5ta top-birinchilikdagi barcha yosh iqtidorlar uchun eng yaxshi natijadir. Teo mukammal dribling salohiyatini yuqori tezlik bilan omuxta tarzda ishga soladi. Raqib jamoalar darvozasiga zarba yo'llash bobida esa «Barselona» va «Real»ning asosiy himoyachilari - Xordi Alba hamda Marselodan oldinda. Muhimi, yigitcha hujumga shu qadar faol qo'shilishi bilan birga himoyaviy ishlarni o'ta sifatli bajarishni uddalamoqda. 56 marta to'p olib qo'yish - bu 5ta top  chempionatdagi tineyjer (yosh ijrochi)lar uchun eng yuqori ko'rsatkich. Umuman, birgina Malang Sarr («Nitstsa») Teoga nisbatan ko'proq himoyaviy harakatlarni amalga oshirgan - 120 marta.

Sotqinlikmi yoki haqiqatparvarlik?

«Real» va «Atletiko» o'rtasida transferlar masalasida bir-biriga «ko'z olaytirmaslik» bo'yicha tarixiy kelishuv bor. Tushunarliki, bu borada qandaydir rasmiy hujjat yo'q, aksinsa, hammasi jentlmencha murosa ko'rinishida. Bir tomondan taxmin qilish mumkinki, og'zaki kelishuv asosan «matraschilar»ga qo'l keladi. Axir qaysidir superyulduzning «Real» dargohidan «qochib», nisbatan kamtarin «Atletiko» safiga qo'shilishini kutish uncha to'g'ri emas. E'tiborlisi, Teoning akasi Lukas ikkinchi tomonda qolishni afzal bilyapti. Ya'ni Ernandeslardan biri o'z kelajagini faqat va faqat «Atletiko»da tasavvur qilyapti. Aslida Teoning transfer masalasi etarli darajada bahsli, ayniqsa, futbol tijorati nuqtai nazaridan. Chunonchi, ko'pchilik bu kelishuvni shunchaki, biznes sifatida baholamoqda. Ammo bemalol aytish mumkin, Teoning «Real»dagi istiqboli chakki emas, boz ustiga, «Qirollik klubi» unga havas uyg'otadigan maosh taklif qildi. Har holda, 6 million evro 19 yoshli yigitcha uchun kam summa hisoblanmaydi. Shuningdek, unda yaqin kelajakda Marselo o'rnini egallash imkoniyati ham bor. Ha, bu kafolatlangan emas, yigitcha braziliyalik tajribali himoyachi bilan raqobatda ustun kelish uchun qattiq ter to'kishi kerak. Agar bu ishni uddalasa, «Real» muxlislari alohida mehr berishni paysalga solishmaydi. Boshqa tomondan, Teo hali juda yosh va yo'l-yo'l futbolkada uzoq vaqt to'p surmagan. Deylik, «Real» yoki «Barselona»da kamol topgan qanchadan-qancha tarbiyalanuvchilar butun dunyoga tarqalib ketishgan. Umuman, tarixdan shunga o'xshash transferlarni etarlicha keltirish mumkin. Ustiga-ustak, agar klub sening xizmatingga ehtiyoj sezmagan bo'lsa yoki uslubing unga muvofiq kelmasa, nega endi boshqa joyda ishlashni ixtiyor etmasliging kerak? Ayniqsa, Teo kabi alohida iqtidorga ega yosh futbolchi bunday holatda klubdan bemalol ketishga haqli...

Xo'sh, u «Real»ga kerakmi?

Shubhasiz, ha. «Real» himoyasining chap qanotida anchadan buyon yaqqol muammolar ko'zga tashlanmoqda. Deylik, hozirda bu pozitsiyada birgina ishonchli futbolchi bor - Marselo. Nominal variant sifatida Koentrauni aytish mumkin, ammo unga tayanish tavakkalchilik bo'ladi. Boz ustiga, portugaliyalik futbolchi endi yosh emas va jarohatlanishga ham moyilroq. Chap qanotda harakatlanishga yana bir nomzod - Nachoga kelsak, uning boshqa pozitsiyada ko'proq naf berishi tayin. Chorasiz vaziyat yuzaga kelganida esa, Serxio Ramosni ham chap tomonga surish mumkin, biroq shunday qilingan taqdirda «Real» o'yini sifatiga putur etadi. Shuni unutmaslik kerakki, Teo - kelajak uchun kiritilgan sarmoya. Ha, Marselo hamon ko'p narsaga qodir va kamida yana 2 mavsum yuqori saviyada o'ynash salohiyatiga ega. Ammo braziliyalikka munosib o'rinbosar zarurligi ham ayni haqiqat. Teo esa o'yin uslubi bo'yicha unga yaqin. Shunday ekan, «Real» keyingi mavsumdanoq chap qanot himoyasida rotatsiyaga kengroq yo'l ochib, Teoni «pishitib» borishi mumkin. Axir Marseloni «Madrid»ga bog'lab qo'yishmagan-ku, yana futbolda hech kim jarohatlanishdan himoyalangan emas...

Shartnomada tovon puli sifatida 30 million evro ko'rsatilgan va «Real» shuncha to'lashni ixtiyor etgan ekan, bu holatda «matraschilar» transferning amalga oshishiga xalaqit berolmasdilar. Obro'li Don Balon nashri ma'lumotlariga ko'ra, madridliklar yosh futbolchi bilan 2023 yilga qadar mo'ljallangan shartnomani rasmiylashtirishadi. Uning yillik maoshi esa 6 million evroni tashkil etadi. Teo 8 may kuni «Real» bazasida tibbiy ko'rikdan o'tdi, tanishtiruv marosimi esa 30 iyundan keyin bo'lib o'tadi.

BestMaster
25 May 2017, 12:29
«real», kimni, sotib, oldi, yoxud, ernandes, haqida, malumot,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads