Madridning "Real" klubi rahbarlari transfer oynasi paytida o'ziga ikkita transferni asosiy maqsad qilib qo'ydi: Kepa Arrisabalaga va Alvaro Odriosola.
Florentino Peres klub siyosatiga sodiq qolgan holda Ispaniyaning eng iqtidorli futbolchilarini klubga yig'ishda davom etmoqchi. Xabarlarga ko'ra "qaymoqranglilar" qishda "Atletik"dan Kepani yozda "Real Sosedad"dan Odriosolani Rossiya bo'lib o'tadigan jahon chempionati boshlangunga qadar xarid qilmoqchi.
Yosh darvozabon Arrisabalaganing basklar bilan shartnomasi yozda yakuniga yetadi va golkiper klub bilan shartnomani uzaytirmoqchi emas, bu vaziyat esa "Madrid" uchun ayni qulay fursatdir. Hozirgi kunda 22 yoshli darvozabonning narxi 20 mln yevro qilib belgilangan.
Odriosola esa bir necha bor "Santiago Bernabeu"da faoliyatini davom ettirish istagi borligini ma'lum qilgan. "Qirollik klubi" 20 yoshli qanot himoyachisini tovon pulida ko'rsatilgan 40 mln yevro to'lab olib kelmoqchi.
Bu futbolchilar jamaoga kelsa katta ehtimol bilan Kiko Kasilya va Xakim Ashrafning kelajagiga nuqta qo'yiladi. Kasilyas transferga qo'yilsa, Ashraf ijara asosida boshqa klubga beriladi, natijasida Dani Karvaxalga Odriosola o'rinbosar sifatida qoladi.