Ispaniya La ligasining 12-turi doirasida "Vanda Metropolitano" stadionida o'tkazilgan Madrid derbisi doimgidek kurashlarga boy tarzda kechdi.
Uchrashuvning debyutidayoq "Atletiko" hisobni ochishi mumkin edi. Varanning qo'pol xatosidan keyin Anxel Korrea "Qirollik klubi" darvozaboni bilan yuzma-yuz vaziyatga chiqdi hamda aniq zarba bera olmadi — to'p ustun yonidan o'tib ketdi.
Zidan shogirdlari o'yin nazoratini o'z tomonlariga og'dira boshlashdi hamda oradan yarim soatlar o'tib ular yaxshi kombinatsiya tashkil qilishdi. Kroos va Ronaldu "devor" uslubida o'ynashganidan keyin nemis futbolchisi raqib jarima maydonchasi ichida birga-bir vaziyatga zarba berdi. To'p shundoqqina ustun yonidan o'tib ketdi.
Ikkinchi bo'lim mutlaqo tengma-teng kurashlar ostida kechdi. Simeone shogirdlari to'pni nazorat qilishda hamda mudofaada ancha ishonchli harakat qilishdi. O'yin so'ngida jamoalardan biri g'alabani o'z tomonlariga og'dirishlari mumkin edi. 79-daqiqada Gameyro yakkama-yakka vaziyatda to'pni Kasilyaning ustidan oshirdi. Bo'sh darvozaga kirayotgan to'pni Varan bosh bilan yuqoriga urib yubordi.
O'yin tugashiga 1 daqiqa qolganida Ronaldu "Real"ga g'alaba keltiruvchi gol muallifiga aylanishi mumkin edi. Qarshi hujum paytida Marseloning uzatmasidan keyin Krishtianu raqib jarima maydonchasida ochildi va kuchli zarba berishga qaror qildi. Ammo himoyachi Ernandes jon holatda zarba yo'liga tashlandi va muqarrar goldan jamoasini qutqardi.
Xullas, shunday o'yin bo'ldiki, bitta gol urgan jamoa g'alabani ilib ketishi mumkin edi. Ammo har ikkala jamoa darvoza daxlsizligini saqlab qoldi. Natijada ikkala jamoa 2 ochko yo'qotishga majbur bo'ldi. Endi "Atletiko" ham, "Real" ham peshqadam "Barselona"dan 10 ochko ortda qolmoqda. Bitta o'yin kam o'tkazgan "Valensiya" bu jamoalarni 3 ochkoga ortda qoldirmoqda.
Ispaniya La ligasi, 12-tur
Atletiko – Real Madrid 0:0 (0:0, 0:0)
Atletiko – Oblak, Savich, Lyuka Ernandes, Xuanfran, Godin, Saul, Gabi, Koke, Parti (Ferreyra Karrasko, 54), Korrea (Gameyro, 77), Grizmann (Torres, 76).
Real Madrid – Kasilya, Varan, Marselo, Karvaxal, Ramos (Nacho, 46), Modrich, Kazemiro, Isko, Kroos, Benzema (Asensio, 76), Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Karvaxal (20), Savich (34), Saul (63), Koke (70), Xuanfran (77), Lyuka Ernandes (82), Nacho (82), Godin (89).