«Real» agar Ispaniya Kubogi finalida ishtirok etmaslikka qaror qilganida, qanday jazo olishini Relevo ma'lum qildi.
Manbaga ko'ra, agar madridliklar «Barselona»ga qarshi final o'yinida qatnashmaganida, keyingi mavsumda Ispaniya Kubogida ishtirok etish huquqidan mahrum bo'lardi.
Bu holda, finalda «Real» o'rniga yarim finalda mag'lub bo'lgan «Real Sosedad» ishtirok etishi mumkin edi.
Eslatib o'tamiz, Ispaniya Kubogi finali oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida bosh hakam Rikardo de Burgos Bengoechea «Real» televideniesidagi tanqid haqida gapirib, ko'z yoshi to'kdi: «Farzandam uyga yig'lab kelsa, chunki maktabda uning otasini o'g'irlikda ayblashsa — bu juda og'ir». VAR hakami Pablo Gonsales Fuertes esa «Real» televideniesida chiqqan videorolik uchun jiddiy oqibatlar bo'lishini va'da berdi.
«Real» hakamlar brigadasiga nisbatan bildirilgan fikrlardan norozi bo'lgan va ularni almashtirishni talab qilgan. Xabarlarga ko'ra, hatto finalda qatnashmaslik masalasi ham ko'rib chiqilgan. Keyinroq klub «Barsa»ga qarshi finalni boykot qilish ehtimolini rad etdi: «Hakamlarning noto'g'ri bayonotlari butun dunyo kuzatayotgan o'yinga soya sololmaydi. Futbol qadriyatlari ustuvor bo'lishi kerak».