2025 yil 26 aprel kuni bo'lib o'tadigan Ispaniya Kubogi finali oldidan katta mojaro yuzaga keldi. «Barselona» va «Real» o'rtasidagi muhim uchrashuvda belgilangan hakamlar qaroridan norozi bo'lgan madridliklar turli tashkiliy tadbirlarda ishtirok etishdan bosh tortib, hattoki o'yinda ishtirok etmaslik ehtimolini ham ko'rib chiqmoqda.
Televidenie tanqidi va hakamning ko'z yoshi
«Real Madrid TV» telekanali "el-klasiko" oldidan hakamlarga bosim o'tkazishni boshladi va hakamning oldingi uchrashuvlardagi xatolariga bag'ishlangan uch daqiqalik video e'lon qilgan. Unda De Burgos boshqaruvida «Real» 64%, «Barselona» esa 81% o'yinda g'alaba qozongani qayd etilgan.
Final uchrashuviga bosh hakam etib tayinlangan Rikardo De Burgos Bengoechea o'tkazgan matbuot anjumanida ko'z yoshini tiyib tura olmadi. U Madrid TV tomonidan tanqid qilinishini shaxsiy hayotiga ta'sir qilganini aytib o'tdi:
«O'g'limga maktabda otang o'g'ri, deyishdi. U uyga yig'lab qaytdi. Bu juda og'ir».
Finalda VAR hakami etib tayinlangan Pablo Fuertesning javobi esa keskinroq bo'ldi:
«Biz yaqin kunlarda jiddiyroq choralar qo'llab, tarixga kiramiz. Mana ko'rasiz».
«Real»ning keskin javobi va rasmiy tadbirlardan bosh tortishi
Bu tanqidlarga javoban «Real» televideniesi ispan hakamlarini jiddiy tanqid qilib, ularni jahon chempionatlari yoki klublar o'rtasidagi chempionatlarda ishtirok etmasligi bilan masxara qildi.
«Ispan hakamlari darajasi noldan past. Bu fakt. Adolat hukm suradigan futbolni ko'rishni istasak, bu hakamlar ketishi kerak», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, «Real» matbuot anjumani, rasmiy fotosessiya va final oldi mashg'ulotlardan bosh tortdi. Klub rasmiy ravishda Rikardo De Burgos va VAR hakami Gonsales Fuertesni uchrashuvdan chetlatishni talab qilib, Ispaniya Futbol Federatsiyasiga (RFEF) murojaat qildi.
RFEFning qat'iy pozitsiyasi va «Real»ning yangi talablari
Federatsiya va Texnik hakamlar qo'mitasi bu talabni rad etdi. Ular Bengoechea va Fuertesga bo'lgan ishonchni saqlab qoldi.
Shundan so'ng, «Real»ning huquqshunoslari hakamlardan rasmiy kechirim so'rashini talab qiluvchi bayonot tayyorlashga kirishdi. Hattoki, ayrim manbalarga ko'ra, «qirollik klubi» final o'yinida ishtirok etmaslik masalasini ham ko'rib chiqmoqda.