O'tgan haftaning oxirgi kunida braziliyalik Kaka futbol bilan xayrlashdi. Endi maydonda “Oltin to'p”ni olgan erlik futbolchi qolmadi, deb yozdi nashrlar. Messi va Ronaldu o'zlaridan oldingi oxirgi qirolni kuzatib qo'yish uchun xayrlashuvga bora olishmadi. Chunki bu kecha ikkisining ko'zi faqat bir-birini ko'radigan paytga to'g'ri kelib qoldi. Yana. Nechanchi marta takrorlanayotganini bilmadimu, lekin yana…
Men taqdirni voqealar orqali tushunaman. Kelajakdagi ishlarni bilmaganimiz uchun ham o'tib bo'lgan hodisalar orqali tushunsak kerak noiloj. Ronaldu va Messi borasidagi ishlarga e'tibor qaratsangiz, taqdirning nozik iplari bir-biriga tegib ketayotganini ko'rasiz. Antiqa ishlarda to'qnash kelaveradi bu ikkisi.
Yaqin o'tmishni eslayman. Krishtianu Ronalduni biz, siz, hammamiz 2003 yildan taniganmiz. APLda porlagan yilida. Biroq, bu porlash o'ta jiddiy emasdi. Chunki u davrlarda erlik yulduzlar ko'p edi. Zidan bor edi, Ronaldo bor edi, Portugaliyaning o'zida ham Figu atalmish kuchli yigit o'ynab yurar edi. Filmlarda bo'lgani kabi o'zga sayyoralik yigit o'zgalar olamida birovga sirini aytmay yuraverdi o'sha paytlari.
2006 yilgi mundial ko'pgina megayulduzlarning faoliyatini yakunlab berdi. Zidan musobaqani kalla qo'yib tark etgan bo'lsa, bu turnir Ronaldo, Ronaldino, Bekhem, Figu, Oeun, Raul, Del Pero, Totti va shu saviyadagi ko'plab superyigitlar uchun oxirgisiga aylandi. Qisqa qilib aytganda, taxtni bo'shatib ketishdi. Krishti ana shundan so'ng o'zgardi. To'g'ri, 2007 yili “Milan”ga EChL olib bergan Kaka “Oltin to'p”ni o'ziniki qilib olgan, dersiz, biroq, qizil iblislar tarkibidagi yigitning fintlariyu gollari baribir o'zgacharoq edi.
“Oltin to'p”ni taqdirlash marosimiga birinchi marta yo'l olgan Ronaldu bir Kakaning qo'lidagi matohga qarardi, bir bu tomonida turgan kichkina shahzodaga… “Oltin to'p”ni ushlab turgan yulduzdan ko'ra, kichkina jussali o'rtoq unga tanishroq edi, yo'q, qiziqroq tuyulaverdi.
U tanidi. Yillab qidirib yurgan sayyoradoshini tanib oldi.
… Keyingi o'n yil davomida Ronaldu va Messi doimiy ravishda yonma-yon turishga o'sha palladayoq kelishib olishdi go'yo. Faqat bunisidan farqli holda – boyagi ordona qurg'ur matohni boshqa odamga bermaslik sharti bilan…
2007 yilning eng yaxshi futbolchilari uchligi oxirgi marta uchta mamlakat chempionatidan aniqlandi. Kaka A seriya, Ronaldu APL va Messi la-liga vakili sifatida kelgan edilar.
Keyingi yildayoq Kakani o'yindan chiqarib yuborishdi ular. Ronaldu faoliyatida ilk bora dunyoning eng yaxshisiga aylandi. Messi uning oldida edi. Oldida ediyu, yil davomida bir-birlaridan uzoq yashaganlaridanmi, negadir o'sha marosimda bir masala yuzasidan “kelishib” olishmasa bo'lmasdi. “BITTA ChEMPIONATDA O'YNAMAYMIZMI?” deyishdi bir-biriga unsiz nigoh tashlar ekan.
Messining tabiatidan kelib chiqadigan bo'lsak, u bir joyda ko'karadigan daraxt sirasiga kiradi. Ronaldu esa, bir marta chempionat almashtirgan. Portugaliyalik yulduzga bu ish og'ir emas. Mayli, yoningga men boraqolaman, dedi u. Borishiga boshqa sabab ham bor edi. Messi APLga kelgani bilan bu ikkovlon o'rtasida, boshqa yulduz o'rtalariga aralasha olmaydigan olovli bahslar guvohi bo'lmasligimiz mumkin edi. Ronalduning “Real”ga tashrifi esa, asr to'qnashuviga sabab bo'lardi. Chunki Ispaniyada Madrid va Kataloniya o'rtasidagi dahshatli raqobat bor ediki, bu raqobat ikki yulduzga ham o'rtaga birovni aralashtirmay kurashish imkonini berardi. Duel uchun bundan zo'r chempionat yo'q edi.
O'sha to'qnashuv shu paytga dovur qanday ko'rinish olgani haqida hamma biladi, gapirib o'tirmayman. Boshqa jihatga to'xtalmoqchiman. Bu ikki erkatoyning o'zaro uchrashmaydigan bitta turniri bor, u ham bo'lsa qit'a chempionatlari. Ronaldu Evropada, Messi Konmebolda ishtirok etadi chunki. Lekin bir yil oldin bu nuqtada ham taqdiriy to'qnash sodir bo'ldi. Janubiy Amerika kubogi bahslari Evropa chempionati o'tadigan yilga o'tkazildi, juft yillarga. Atay bir paytda o'tkaziladigan bo'ldi. Messi finalga chiqib penaltilar seriyasida xato qildi, Ronaldu ertasiga taqdir hukmi bilan shu nuqtaga yaqinlashdi.
Bu ham mayli, Rossiya-2018 yo'llarida ham ular bir amallab to'qnashib olishmoqda. Krishtianuning Portugaliyasi saralashni mag'lubiyat bilan boshlagan, o'yinda Ronaldu qatnashmagan. O'sha jamoani oxirgi turda engibgina Evropa chempionlari JCh yo'llanmasini qo'lga kiritishga majbur bo'lib qoldilar. Argentina ham saralashni Messisiz boshladi, Ekvadorni qabul qilib xuddi shu hisobda – 0:2ga yutqazib qo'ydi. Oxirgi turda o'sha Ekvadorni engibgina mundial eshiklarini ochishi mumkin edi. Va bu ikki o'yin o'rtasidagi farq bor-yo'g'i 4 soatni tashkil etadi. Okean nariyog'ida bo'lib ham bir-birini o'ylab o'ynaydigan boshqa yana kimni topa olasiz, azizlar?!
Ha, ushbu so'zlarni chorshanbaning tongida yozib tugatdim. Ikki dahoning uchrashadigan nuqtasi bu safar — Rossiya!
Ularni bu galcha ko'rmaymiz, deb o'ylovmidingiz, adashdingiz?!
Xayrulla HAMIDOV, «Erudit Sport» gazetasi.