Andoni Iraola "Real Madrid"ning qiziqishlari haqidagi mish-mishlarga izoh bermadi.
42 yoshli ispaniyalik murabbiy qo'l ostida "Bornmut" so'nggi 13 o'yinda faqat bitta mag'lubiyatga uchradi - chempionat peshqadami "Liverpul"dan. Jamoa joriy mavsumda Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurash olib bormoqda va turnir jadvalida 5-o'rinni egallab turibdi.
Ingliz matbuoti xabariga ko'ra, Iraolaning ingliz klubidagi faoliyati "Real Madrid" e'tiborini tortgan. Agar Karlo Anchelotti yozda ketsa, "Real Madrid" Iraolani nomzodlar ro'yxatiga kiritishi haqida avvalroq xabar berilgan edi.
"Men mish-mishlarga ahamiyat bermayman. Men bu biznesda ko'p yillardan beri futbolchi va murabbiy sifatida ishlaganman va bu narsalar qanday ishlashini, nima muhim va nima muhim emasligini bilaman" - dedi Iraola.
Murabbiyning “Bornmut” bilan shartnomasi 2026 yilda yakuniga etadi.