Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti mavsum so'ngida o'z lavozimini tark etishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Dushanba kuni "qirollik" klubining italiyalik mutaxassis bilan xayrlashishi haqidagi ma'lumotlar paydo bo'ldi.
Manbaga ko'ra, murabbiy "qaymoqranglilar" mavsumni muvaffaqiyatli o'tkazgan taqdirda ham ketadi. Insayder Fabritsio Romanoning ta'kidlashicha, bu ma'lumot haqiqatga to'g'ri kelmaydi va aslida boshqaruvchi ketishga qaror qilmagan.
Karlo Anchelottining "Real" bilan shartnomasi 2026 yilning o'rtalariga qadar amal qiladi. 65 yoshli italiyalik mutaxassis 2021 yildan buyon bu lavozimda ishlab kelmoqda. Madridliklar La Liganing 20-turidan keyin turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.