Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

«Real» nega Neymar va Mbappeni sotib olmadi? Madrid klubining o'zgargan transfer siyosati haqida

Madridning «Real» klubi sovrinlarni kollektsiya qiluvchi superklubga aylanganiga ancha bo'lgan, ammo aynan so'nggi yillarda muvaffaqiyatlar mukammallikka intilmoqda. 

.
- Yuklab olish

Madridning «Real» klubi sovrinlarni kollektsiya qiluvchi superklubga aylanganiga ancha bo'lgan, ammo aynan so'nggi yillarda muvaffaqiyatlar mukammallikka intilmoqda. 2016/17 mavsumida klub qatorasiga ikkinchi marta Chempionlar Ligasida shohsupaga chiqdi. Bunday vazifani oxirgi marta 27 yil oldin «Milan» uddalagandi, ammo birinchidan, u paytlarda butunlay boshqa turnir – Evropa Chempionlar kubogi bo'lgan, ikkinchidan, futboldagi raqobat va xarajatlar o'z cho'qqisiga etgan bugungi davrda bu ishni amalga oshirish yanada mushkul ekani shubhasiz. Bundan tashqari, Madrid klubi Ispaniya chempioni bo'ldi, Evropa va Ispaniya Superkubogini qo'lga kiritdi, shu bilan birga klublar o'rtasida jahon chempioni bo'ldi.

Klubning moliyaviy holatiga ham havas qilsa arziydi, xususan, «Real» transfer bozoridagi siyosatini ham birmuncha o'zgartirdi. Endi klub g'alabalarni pulga sotib olishni emas, ancha aqlli xarajatlar amalga oshirishga o'tdi.

«Real»ning oxirgi tom ma'nodagi yirik transferi 2014 yilga to'g'ri keladi, o'shanda 75 million evroga so'nggi jahon chempionatida porlagan kolumbiyalik Xames Rodriges sotib olingandi. Ammo oradan bir oy o'tmay, klub bu transferni Anxel Di Mariyaning «Manchester Yunayted»ga sotilishi bilan qopladi. O'shandan beri «Real»ning transfer xaridlari 30 million evrodan oshmadi, buning ustiga, har yili klub o'z yulduzlarini yaxshigina narxlarda sotishdan qaytmayapti. Paydo bo'layotgan bo'sh o'rinlar esa, akademiyadan kelayotgan yosh futbolchilar yopmoqda.

Misol uchun, 2016 yilda «PSJ»ga 25 million evroga sotilgan Xese o'rniga «Yuventus»dan Alvaro Morata 30 millionga olib kelindi. Bir yil o'tib, «Real» bu hujumchini ikki barobardan ko'proq narxga «Chelsi»ga sotdi. Hujumchining o'rniga tarkibga qo'shilgan yosh Borxa Mayoral esa, allaqachon Ispaniya chempionatida gol urishga ham ulgurdi.

Bunday strategiya, ayniqsa, top klublar uchun tentakona o'tgan so'nggi transfer darichasiga mos emasdek. «Real» so'nggi yozda atigi ikki futbolchi sotib oldi: himoyachi Teo Ernandes «Atletiko»dan 30 million evroga, Dani Sabalos esa, «Betis»dan 16.5 million evroga olib kelindi.

Foto: Readfootball

Agar «PSJ» (238 million), «Manchester Siti» (244.3 million) yoki «Barselona» (192.5 million) bilan solishtirsak, juda kamtarona xaridlar. Hatto yoz bo'yi Madridga kelishi haqida gap borgan Kilian Mbappe ham yakunda Parij klubi tarkibidan joy oldi.

O'z navbatida, «Real» futbolchilarni sotishdan 124 million evro ishlab ham oldi. Daniloning «Manchester Siti»ga o'tishi klub g'aznasini 30 millionga ko'paytirdi, Xames Rodrigesning «Bavariya»ga ijarasi 13 million evro daromad keltirdi.

Foto: Bavariya

Savol tug'iladi, nega doimo yirik transferlar qilishdan uyalmagan «Real» bu qadar kamtar bo'lib qoldi?

Qurilish biznesi orqali 2 milliard evro atrofida boylik yiqqan Florentino Peres aslida 90-yillarda «Real» prezidenti bo'lishga uringan edi. 1994 yilgi saylovlar omadsiz kechdi, u Ramon Mendosga yutqazib qo'ydi. Oradan bir yil o'tmay, Mendosning o'rnini Lorentso Sans egallaydi. 2000-yillarga kelib, yangi saylov bo'ldi.

Bu safargi kruashga Peres yaxshilab tayyorlangandi, u ovoz beruvchilarni o'z tomoniga og'dirishga muvaffaq bo'ldi. Saylovoldi dasturining eng muhim qismi klubning tashqi qarzlariga barham berish va tarkibni dunyo miqyosidagi yulduzlar bilan to'ldirish bo'lgandi. Xuddi shu shaklda «galaktikos» davri boshlandi, klub har yili dunyoning eng yaxshi futbolchilarini Madridga olib kela boshladi. Bu transferlar natijasida Ronaldo, Bekhem, Zidan, Figu va boshqa top futbolchilar bir vaqtning o'zida jamoa tarkibidan joy olishardi. Ammo shu bilan birga jamoa Ispaniya chempionatida ishonchli o'yin ko'rsata olmas, ayniqsa, Chempionlar Ligasida uzoq vaqt, hatto yarim finalga ham chiqa olmay qoldi.

Yirik xaridlar klubga yangi bozorlarni zabt etish, global brendlardan biriga aylanish imkonini berdi. Xalqaro fan-baza yildan-yilga to'xtovsiz oshib bordi. Aynan shu yo'nalishga katta e'tibor qaratgan Peres bir jihatni – mahalliy muxlislarning talablarini unutib qo'ydi. Axir ularga faqat chiroyli o'yin yoki yulduzlar emas, sovrinlar ham kerak edi. Bir qator alamli mag'lubiyatlar 2006 yilda Peresning iste'fosiga sabab bo'ldi.

Florentino Peres 2009 yilda yana prezidentlik kursisiga qaytdi va ilk ishlaridan biri yana katta pul sarflash bo'ldi – birdaniga Krishtianu Ronaldu, Kaka va Karim Benzema «Real» tarkibidan joy oldi. Ammo bu transferlarning mohiyati yana avvalgidek tarkibni yulduzlar bilan to'ldirish emas, kelajakdagi muvaffaqiyatli loyihaga poydevor qo'yish bo'lganidan keyin o'z isbotini topdi. Ijtimoiy tarmoqlarda yoki marketing bozorlarida millionlab ta'qibchilarni etaklab keladigan yulduzlargagina emas, maydonda chinakamiga mehnat qilib, g'alabaga hissa qo'shadigan futbochlilarga ham e'tibor qaratila boshlandi. Bugungi «Real» – transfer bozorida doimiy ravishda musbat qoldiqqa intiluvchi klub.

Foto: Chelsi

Morata va Xamesning sotib yuborilishi haqidagi savollarni izohlar ekan Florentino Peres endi klub asosiy tarkibda o'ynashi mavhum bo'lgan yulduzlarni ushlab turmasligini tushuntirdi. Albatta, futbol yulduzlari Madriddagi yuqori raqobatga kirishishdan ko'ra, boshqa klubda etakchi bo'lishni afzal bilishlari tabiiy. Yana shuni e'tiborga olish kerakki, «Real»ning tarkibi shunday keyin ham yulduzli bo'lib qolaveradi, faqat endi top-yulduzlarning soni kamayadi xolos. Endi avvalgidek ikkita emas, bitta yulduzli tarkib bo'ladi. Ammo endi zaxira va rotatsiya uchun iqtidorli va yosh futbolchilar bo'ladi. Bu ham jamoadagi ijobiy muhitni ushlab turish, ayniqsa, yuqorida aytilganidek, transfer bozorida foyda qilish uchun ham yaxshi sharoit yaratadi. Misol uchun, jamoa tarkibida atigi 8 o'yinda maydonga tushgan Mariano Dias «Lion»ga xuddi shuncha millionga sotildi.

Eng muhimi, endilikda, «Real» marketing nuqtai nazaridan, o'z brendini yoyish uchun yulduz futbolchilarga ehtiyoj sezmayapti. Shundog'am, Madrid klubi juda katta auditoriyaga ega bo'lgan global brendga aylanib bo'lgan.

Yana bir tarafi, futbol yulduzlari bozori ham biroz o'zgargan. 1997-2008 yillar mobaynida 10 futbolchi (Ronaldu, Zidan, Rivaldo, Figu, Ouen, Nedved, Shevchenko, Ronaldino, Kannavaro, Kaka) «Oltin to'p» oldi – bularning 6 nafari oqibatda «Real» o'yinchisiga aylandi. Keyingi o'n yillikka qarasak, atigi 2 futbolchi bunday sharafga loyiq bo'lganini ko'ramiz. Ulardan biri o'zi «Real» futbolchisi, ikkinchisi esa, Messi. Argentinalik hujumchining «Real»ga kelishi imkonsiz, ammo uning «Barselona»da ekani va Ronaldu bilan raqobatining o'zi ham Madrid klubiga kam foyda keltirmaydi – bu ham qaysidir ma'noda marketing foydasi.

Darvoqe, Peresning bu o'zgarishini izohlaydigan yana bir talqin bor – aytishlari cha, u 80-yillar oxiridagi «Real»dan ilhomlangan. O'shanda asosi akademiya tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan madridliklar qatorasiga besh marta Ispaniya chempionligini qo'lga kiritgandilar. Besh futbolchi ularning ichida eng mashhuri Emilio Butregenoning ismidan olinib, «Butre beshligi» deb atalgandilar. Qolgan tarbiyalanuvichlar  Manolo Sanchis, Rafael Vaskes, Migel Pardesa va Michel bo'lgandi.

Muvozanatli sarflar «Real»ga nafaqat futbol maydonlarida balki, buxgalteriya hujjatlarida ham katta foyda keltirmoqda. Yaqinda klub 2016 yil uchun hisobotlarni taqdim etdi. Barcha soliqlar to'langandan keyingi sof foyda 21,4 million evroni tashkil etdi. Daromadlar esa, 674.6 millionga etdi, bu o'tgan yilgi ko'rsatkichlardan salkam o'n foizga ko'proqdir.

Daromadning tasnifi ham muvozanatga egadek ko'rinadi: 20 foiz daromad  o'yin kunlari chiptalardan («Santyago Bernabeu»ning rejadagi rekonstruktsiyasi amalga oshsa, bu ko'rsatkich yanada ko'payadi), 37 foizi, teletranslatsiyalardan, 42 foiz esa homiylik shartnomalari orqali yuzaga kelmoqda. Shuningdek, Fly Emirates titul homiyligi uchun yiliga 70 million evro to'laydi, bu shartnoma ham yaqinda 2022 yilgacha uzaytirildi. Daromadlar borasida «Real» «Barselona» bilan deyarli tenglashib olgan. Ikki ispan grandi faqat bu yo'nalishning ajdarhosi «Manchester Yunayted»dan ortda bormoqda xolos.     

«Real» va «Barselona» maoshlar uchun deyarli bir xil summani sarflaydilar, daromadlar ham bir-birlariga juda yaqin, ammo so'nggi yillarda «Real» futbol maydonida «Barselona»dan ham, boshqa top klublardan ham yaxshiroq natijalarni qayd etmoqda. Bu esa, klubning sarf-xarajatlari aqlliroq va samaraliroq bo'lib borayotganini ifodalaydi.

BestMaster
8 Oktyabr 2017, 04:00
«real», nega, neymar, mbappeni, sotib, olmadi?, madrid, klubining, ozgargan, transfer, siyosati, haqida,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads