Hozirda «Latsio» «Sanderlend»ning 18 yoshli xavbeki Job Bellingemni o'z tarkibiga jalb etish tadorikini ko'rmoqda.
Biroq rimliklarga «Tottenxem» qarshilik ko'rsatishi mumkin. Bundan tashqari, mart oyida «Real» prezidenti Florentino Peres yosh iqtidorni xarid qilish niyatida ekanligini ma'lum qilgandi. Buning o'ziga yarasha sababi bor, albatta.
Jud va Job
Job «Real»ning etakchi hujumchisi Jud Bellingemning ukasi ekanligini fahmlab olish qiyin emas. Evropa vitse-chempionining fikricha, ukasi o'ta noyob iqtidor sohibi. Hatto undan o'zib ketishi ham mumkin. Qolaversa, Jud ukasi bilan yonma-yon to'p surishni istaydi.
Ayni vaqtda Jud onasi Deniz bilan Madridda istiqomat qilmoqda. Oila rahbari Mark esa kenja o'g'li bilan Angliyada qolgan. Jobning «qirollik klubi»ga o'tishi oilaning jamuljam bo'lishiga yordam berishi aniq. Biroq bu haqda hozir mulohaza yuritish vaqti emas. Don Florentino kenja Bellingemning yuksak salohiyatini maqtab, aka-ukalar juftligini ko'rish istagini bejizga tilga olmagan.
Jud va Job bir-biriga xalaqit berishi mumkinmi? Kimningdir engil fikri tufayli, Angliyada bu aka-uka bir xil uslubdagi o'yinchi, degan rivoyat paydo bo'lgan. Aslida, unday emas. Jud - o'z jarima maydonchasi bilan raqibniki o'rtasida to'p suradi. Job esa nisbatan, hujumkor o'yinchi. U o'z faoliyatini hujumchi pozitsiyasida boshlagandi, «Sanderlend»da hujumkor yarim himoyachi vazifasini ado etmoqda. Job akasiga nisbatan 6 santimetrga bo'ychanroq, elkalari keng. Lekin ularning ikkoviga ham universalizm xususiyati yaxshi tanish. Xullas, shu paytgacha hech qachon yonma-yon to'p surmagan aka-uka duet rolida maydonga tushsa, zo'r bo'ladi. To'g'ri, hozircha bu taxmin, albatta. Lekin tandemni kuzatish, maroqli, baribir. U nafaqat «Real», balki Angliya terma jamoasiga ham juda qo'l keladi. Ayniqsa, yirik musobaqalarda.
Navqiron, lekin etuk
Job - chinakam atlet. Undan to'pni osonlikcha olib qo'yishning iloji yo'q, gavdasi bilan samarali harakatlanadi. Akasining so'nggi Evro turnirida Slovakiya darvozasiga urgan goli kabi shedevr hozircha, Jobda yo'q. Lekin bo'lishiga shubha ham yo'q. Chunki zarba yo'llash san'atini puxta o'zlashtirgan, 30 metr uzoqlikdan urgan goliga guvohlar bor.
Jud kabi uning ukasi ham «Birmingem Siti»da saboq olgan va akasidek barvaqt (16 yoshda) o'z debyutini nishonlagan. Yana bir o'xshashlik - ikkovi ham qadrdon klubini barvaqt tark etishgan. Farqi, Jud Dortmundning «Borussiya»siga, Job esa «Sanderlend»ga yo'l olgan. Biroq Angliyaning 6 karra chempioni hozir Chempionshipda murakkab davrni boshdan kechirmoqda.
Jud «Real»da qariyb har bir o'yinda gollar urib yurgan paytda, Job «qora mushuklar» safiga ko'tarilish taraddudida edi. Qisqa vaqt ichida bu ishni uddaladi, 46 uchrashuvning 36tasida maydonga tushib, 6ta gol va 1ta assistni rasmiylashtirdi. 18 yoshli yigitcha uchun risoladagidek natija.
Negadir Job uni Judning ukasi deyishlarini yoqtirmaydi. Yo'q, aka-ukaning o'zaro munosabatlari a'lo darajada, u «Real» va «Uch sherlar» yulduzini hurmat bilan tilga oladi. Lekin o'zi mustaqil shaxs sifatida shakllanishni, akasining soyasida bo'lmaslikni istaydi. Shu sababli uning futbolkasida familiyasi yo'q, faqat ismi yozilgan.
Albatta, Job ko'pgina klublarning jiddiy nazoratida. Yaqingacha bu shunchaki, monitoring edi. May oyida «Kristal Pelas» va «Brayton»dan takliflar bo'ldi, yaqinda «Latsio» Job uchun 15 mln. evro berishga tayyor ekanligini bildirdi. «Tottenxem» ham mazkur transferga befarq emas.
Transfer muqarrar
Hozirda «Sanderlend»ning sobiq bosh murabbiyiga aylangan Toni Moubrey yosh iqtidorni qo'yib yuborish niyatida emasdi. U «qora mushuklar» uchun muhim o'yinchi. Axir 6 karra chempionning quyi ligada yurishi yaxshi emasda. So'nggi mavsumni jamoa 16-o'rinda yakunladi, bu hech kimni qoniqtirmaydi. Biroq kambag'al «Sanderlend» vunderkind sotuvidan keladigan mo'may daromaddan voz kecha olarmikan? Qisqasi, Job yangi mavsumni «qora mushuklar» safida davom ettirish ehtimoli juda oz. Asosiysi - klub tanlashda adashmaslik.
Judga omad kulib boqdi. U Dortmundning «Borussiya»sida birdaniga o'yin amaliyotiga ega bo'ldi, kuch-quvvat va mahoratini maromiga etkazib oldi. Biroq ukasi ham Jud kabi omadli bo'ladi, deyishga asos yo'q. Job uchun yuz berishi mumkin bo'lgan eng noxush voqea - yangi jamoada zaxira o'rindig'iga «mixlanib» qolish. Yuqorida zikr etilgan Toni Moubrey Job uchun eng muhimi muntazam maydonga tushish ekanligini ta'kidlagandi. Endi u yo'q, yangi murabbiy Regis Le Brisning Bellingemga qanday munosabatda bo'lishi hozircha, noma'lum.
Agar «Sanderlend»ni tark etish muqarrar bo'lsa, yangi klub masalasi ham mavhum. «Latsio» va «Tottenxem» ortidan boshqa xaridorlar kelishi mumkin. «Sanderlend» uchun azaliy raqib - «Nyukasl» eng maqbul variantdek ko'rinmoqda. Eddi Xau jamoasida Bellingem kuchli o'yinchilar orasida etarli o'yin amaliyotiga ega bo'ladi, akasi ko'rmagan APLda toblanadi.
Job yo'l qo'yishi mumkin bo'lgan eng katta xatolik - hozirning o'zida «Real»ga o'tish. U hali bunday o'zgarishga tayyor emas, asosiy tarkibdan joy olishiga kafolat yo'q. Biroq uni akasi bilan taqqoslashlari aniq. Vaqti kelib, kenja Bellingem «Real»ga o'tishi mumkin va kerak. Shunda u jiddiy sinovlarda toblangan va akasi kabi mustaqil shaxsga aylanadi.
Sodiq SOBIR tayyorladi