Avvalgi mavsum «Al-Ittihod» (Saudiya Arabistoni)da o'yini uncha qovushmagan, boz ustiga, klub bosh murabbiyi bilan sira chiqisholmagan «Real Madrid»ning sobiq sardori Karim Benzema yangi kampaniya oldidan a'lo kayfiyatda va maqsad-vazifalari ham shunga yarasha katta.
«Oltin to'p»-2022 sohibi yozgi ta'tilning oxirgi kunlari Marca (Ispaniya) nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Frantsiyalik hujumchi suhbat jarayonida Saudiya Arabistoni futboliga to'xtalish barobarida «Qirollik klubi»ning hozirgi tarkibi va o'yinlariga bog'liq taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
- Karim, Saudiya Arabistoni chempionatidagi ikkinchi mavsum arafasida turibsiz. Hozir «Al-Ittihod»da o'zgarishlar ko'lami keng. Xo'sh, yangi kampaniyaga qanday umidlar bog'layapsiz?
- Hammasi yaxshi, jamoamiz uchun mavsum o'zgacha boshlansa kerak. Har holda, yangi murabbiy, yangi futbolchilar, yangi istiqbollar... Tabiiyki, oldimizda ulkan vazifalar bor va ularni bajarish uchun o'z ustimizda jiddiy ishlashimiz shart. Muhimi, motivatsiya yuqori darajada, tarkib ham kundan-kunga kuchaymoqda.
- Tushunarliki, Saudiyada ligasida ham chempion bo'lishni xohlaysiz. Lekin u erda futbol sal boshqacha, sharoitlar ham...
- Albatta, hamisha faqat eng yuqori natijalarni ko'zlayman. «Al-Ittihod»ga oson bo'lmasligi tayin, chunki chempionat juda murakkab, barcha klublar o'z tarkibini kuchaytirish va o'yinini yaxshilash harakatida. Nima bo'lishidan qat'iy nazar, yangi mavsumda ancha ko'prog'iga da'vo qila olamiz, menimcha. Asosiysi, jamoada yorqin istiqbolga nisbatan ishonch kuchli.
- Saudiyada o'ynaydigan ko'plab futbolchilar mahalliy chempionat darajasi Evropada o'ylashganidan ancha yuqori ekanligini tan olib ulgurishdi. Sizningcha ham shundaymi?
- Mutlaqo. Mana, top-futbolchilar va etuk murabbiylarning Saudiya tomon oqimi davom etmoqda. Tabiiyki, bunday ko'chish chempionat darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi. Oddiy aytganda, mahalliy chempionat yildan yilga qiziqarli tus olmoqda, raqobat ham tobora jiddiylashmoqda.
- «Al-Ittihod»da alohida o'rin tutishingizni his qilyapsizmi? Harqalay, hamma sizga jamoaning chin etakchisi sifatida qaraydi.
- Ha, mendan qanday o'yin kutishayotganini yaxshi bilaman, shuning uchun jamoaga maksimal darajada yordam berish uchun astoydil shug'ullanishim talab etiladi. Yangi mavsumda hammasi boshqacha kechishi va yakunda sovrinlarga ega chiqishimizdan umidvorman. Shuningdek, shaxsiy statistikam ham yaxshiroq bo'lishiga ishonaman.
- Endi «Real» to'g'risida: sobiq jamoangiz ortda qolgan mavsum barcha sovrinlarni o'ziniki qildi, hisob. «Qirollik klubi»dan shunday muvaffaqiyatlarni kutganmidingiz?
- Jamoa uchun ideal mavsum bo'ldi, chindan ham. «Real» safida kimlar o'ynashmasin, jamoa har doim dunyo futbolida etalon bo'lib qolaveradi. Har mavsum oldidan kimdir keladi, kimdir ketadi, lekin «Madrid» o'z darajasini sira yo'qotmaydi. Shunday ekan, har qanday holatda ham, jamoadan eng maksimal natijalar kutiladi.
- «Uembli»da bo'lgan ChL finali tomoshasi vaqti qanday holatga tushdingiz? Jamoadan ketishga shoshilganingiz to'g'risida o'ylamadingizmi?
- Yo'q, hech qachon nimadandir afsuslanmayman. Qolaversa, «Real» hamisha mening jamoam bo'lib qolaveradi va uning har bir yutug'i o'zgacha quvonch bag'ishlaydi. Saudiyada turib ham «Madrid»ni muntazam qo'llab-quvvatlayman. Axir gap hayotimda chuqur iz qoldirgan er yuzidagi eng ideal va noyob klub haqida ketmoqda.
- Nahotki, ketishingiz borasida ozgina afsuslanish hissi bo'lmasa? Ehtimol, gohida yaxshi ma'noda biroz siqilarsiz...
- Qaytaraman, futbol hayoti shunaqa: klubga kimlardir kelishadi, boshqalar ketishadi. Bu har doim tabiiy jarayon sifatida qabul qilinadi. Hozir ham fikrim o'zgargan emas - men uchun «Madrid» bilan xayrlashish fursati etgandi. Har safar ortga qaraganimda, faqat qoniqish hissini tuyaman. Jumladan, «Real»ning o'tgan mavsum o'ta zo'r o'ynagani ham quvonch ulashdi. Jamoa bejiz La Liga va ChLda g'olib chiqqani yo'q. Umuman, bugun futbol dunyosida «Real»dan kuchliroq boshqa klubni ko'rayotganim yo'q.
- Shaxsiy faoliyatingizga qarasak, uzoq yo'l bosdingiz, sabr bilan kutdingiz va oxir-oqibat, «Oltin to'p» sohibiga aylandingiz. Qiziq, sizningcha, ayni holatda asosiy individual sovringa kim bosh da'vogar? Oddiy aytganda, «OT»ni kimga berish kerak?
- Menimcha, sovringa Vinisius munosib. Umuman, u nafaqat o'tgan mavsum, balki oldingilarida ham bunga loyiq darajada o'ynagandi. Hozir esa Vinni eng yuqori cho'qqida.
- Vinisiusning asosiy ustunligi sifatida qaysi jihatni e'tirof etasiz?
- Vinisius - yuqori sifat. Ayniqsa, gohida o'yin taqdirini yakka o'zi hal qilish qobiliyati bilan alohida ajralib turadi. To'g'ri, futbolda jamoadoshlar yordamimiz katta ishlarni bajarish amri-mahol. Fakt shuki, «Real» qandaydir o'zgacha harakatga ehtiyoj sezgan mahal Vinisius katta sahnaga chiqadi va o'z darajasini ko'rsatib qo'yadi. Qisqasi, u eng zarur pallada bor mas'uliyatni o'z zimmasiga olishdan aslo cho'chimaydi. Shuning uchun Vinisiusni «Oltin to'p» uchun kurashda asosiy favorit sifatida ko'ryapman.
- «Real» avvalgi mavsum sof «9-raqam»siz o'ynadi, ammo endi jamoada Karim Benzema davomchisi bor - Kilian Mbappe...
- Ertami-kech, shunday bo'lishi muqarrar edi. Ya'ni Kilianning «Real» safiga qo'shilishi faqat vaqt hukmidagi masala sanalgan. Mana, hammasi kutilganidek rivojlandi va Mbappe endi «Real»ni yanada vajohatliroq qiladi. Shuningdek, o'zi ham yangi darajaga ko'tariladi. Har holda, uning iqtidoriga aslo shubhalanmayman.
- Bunday muvaffaqiyatli mavsumdan keyin yanada yuqoriga ko'tarilish oson emas. Xo'sh, «Real» nimaning evaziga yanada ko'proq sovrin yutishi mumkin, sizningcha?
- Albatta, cho'qqida turish qiyin. Qolgan jamoalar ham tomoshabin roliga ko'nmaydi aslo. Lekin takrorlayman, hozirda «Real»dan kuchliroq jamoani ko'rayotganim yo'q. «Madrid»da hammasi mujassam: eng yaxshi futbolchilar, kuchli murabbiy va dono prezident.
- Ispaniya milliy jamoasining Evro-2024dagi yurishi sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Ajoyib! Jamoa uslubi, futbol falsafasi - barchasi zo'r! O'zi Ispaniya futboli azaldan uzatma orqali o'ynashi, dinamikasi bilan kuchli sanalgan. «Qizil furiya» kubokka munosib edi, shubhasiz.
M.PO'LATOV tayyorladi