Xaloskor bojalar jamoasini eshitganmisiz?
Ispaniya terma jamoasida qarindoshlar to'p surishidan xabaringiz bormi? Ular «Real»da o'ynaydilar, hamkorlikda EChLda zafar quchishgan: birinchisi, ya'ni, Xoselu «Bavariya»ga qarshi yarim finalning javob uchrashuvidek murakkab bahsda dublga erishdi, ikkinchisi - Dani Karvaxal esa hal qiluvchi bellashuvda «Borussiya Dortmund» darvozasiga g'alaba keltirgan golni urgandi.
To'xtang, qanaqa qarindoshlar? Gap shundaki, himoyachi va hujumchi egizak qizlar bilan turmush qurishgan va bir-birlariga boja bo'lishgan!
Xoselu terma jamoadan yiroq bo'lgan davrida Melani Kanisaresga uylangan
Ularning kamtarona nikoh marosimi 2016 yilda bo'lib o'tgan. Tadbirda faqat kelin-kuyovning eng yaqin qarindoshlari ishtirok etishgan. O'sha davrda hujumchi «Real»dan juda olisda edi: «Stok Siti» o'yinchisi ijara asosida «Deportivo» safida to'p surardi. Ikki mavsumda 10ta gol urgan hujumchi «Qizil Furiya»dan chorlov olishini hatto xayoliga ham keltirmagandi.
Juftlik 10 yildan ko'proq vaqt davomida bir yostiqqa bosh qo'yib, hozir Leo va Lukas ismli o'g'lonlarini tarbiyalamoqda. Xoselu o'z rafiqasini sevadi va juda hurmat qiladi, o'ng oyog'idagi xavfsizlik qalqonida otasining, chap oyog'ida esa onasi, rafiqasi va farzandlarining suratlari bor.
Turmush o'rtog'ini muntazam ravishda qo'llab-quvvatlashga odatlangan Melani «Real»ning 2023\2024 yillar mavsumidagi muhim uchrashuvlarini bevosita «Santyago Bernabeu»da tomosha qildi. «Rahmat, «Real»! dunyodagi eng yaxshi klub, bizning uyimiz va oilamiz. Madridist bo'lish - baxt» deb yozdi Melani ijtimoiy tarmoqlarga joylagan Evropaning eng nufuzli klub sovrini suratining ostiga.
Karvaxal bilan Dafnaning to'yini kelin va uning singlisi tashkil etishdi
Dani Karvaxal Dafna Kanisares bilan 2022 yilning iyun oyida nikohdan o'tdi. To'y marosimi Segoviyadagi frantsiskanlar monastirida bo'lib o'tdi, uni opa-singil egizaklar uyushtirishdi: ular bu soha bilan o'zlariga tegishli Blue Weddings agentligida professional darajada faoliyat yuritadilar. Karvaxalning to'yi Xoselunikiga nisbatan ancha dabdabali o'tdi. Unda Tibo Kurtua, Marko Asensio, Federiko Valverde, Lukas Vaskes, Nacho Fernandes va hatto «Real» direktori Emilio Butragenolar mehmon bo'ldilar.
Dafna Dani bilan 2018 yilda tanishishgandi. Bu juftlik ham 2 nafar o'g'lonlar - Martin va Mauroni tarbiyalamoqda. Opa-singil Kanisareslar sulolasida kelajagi porloq futbol jamoasi shakllanmoqda! Bo'lajak turmush o'rtog'i bilan tanishgunga qadar, Dafna bolaligidan orzu qilib kelgan model maqomida faoliyat yuritdi, zargarlik brendlari bilan hamkorlik qildi, liboslar reklamasi va ularni namoyish etish bilan shug'ullangan. Modellik faoliyatini 2020 yilda, Martin tug'ilganidan keyin yakunlagan. Ha, aytgancha, Dafna va Melani 1990 yilning 30 may sanasida tavallud topishgan. Xullas, 32 yoshli Karvaxal egizaklardan 2 yoshga kichikroq, Xoselu esa ularning tengdoshi.
Opa-singilning otasi - «Real»ning keksa muxlislaridan biri. U o'z nabiralarini «Kastilya»ga topshirish niyatida!
Qizlarining tanlovidan eng ko'p mamnun bo'lgan inson - ularning otasi Luismi. Kanisares ota o'zini Ginnes rekordlar kitobidan joy olishga haqli, deb hisoblaydi. Chunki u «Real» va Ispaniya terma jamoasida o'ynaydigan 2 nafar futbolchining qaynotasi bo'lgan yagona inson.
«Agar qizaloqlarim «Atletiko» futbolchilari bilan uchrashganlarida, u yigitlarga men bilan til topishish oson bo'lmasdi. Qizlarim - madridistlar, men esa ularning baxtiyor muhitda hayot kechirishlariga mas'ul bo'lgan otaman. «Real» esa - chinakam baxt!» - deydi Luismi mamnunlik bilan. E'tibor berdingizmi, muxlis otaning e'tirofi sal avvalroq EChLdagi g'alabadan keyin Melanining ijtimoiy tarmoqlar orqali bayon etgan samimiy dil izhori bilan juda o'xshash. Otaning tarbiyasi yaqqol sezilib turibdi.
Shuningdek, agar nabiralari professional darajada futbol o'ynash niyatida bo'lishsa, ularni «Real» maktabiga joylashga Luismi bobo va'da berdi. Shunday ekan, «Kastilya» murabbiylaridan sergaklik talab etiladi: 4 nafar bo'lajak futbolchi deyarli maktab ostonasida!
Endi kuyunchak qaynotaning o'z kuyovlariga ta'rifi bilan tanishing: «Xoselu - nobakor! Yaxshi ma'noda, albatta. Oilada u etakchi hazilkash, maydonda maftunkor o'yinchi. Hammamiz uni juda yaxshi ko'ramiz. U «Real»ga haqli ravishda qaytdi, bu uchun doimo kurashdi va yonimizda bo'ldi. Hatto Germaniyada o'ynab yurgan davrida ham. Dani esa anchayin jiddiy yigit. U o'z ratsionini o'zgartirib, mushaklaridagi muammolardan forig' bo'ldi va ishonchli himoyachi darajasiga ko'tarildi. U bizondek baquvvat, o'ng qanotda undan kuchliroq himoyachi yo'q».
Eh, Luismi, Luismi, Xoselu Qatarning «Al-Garafa» klubi bilan shartnoma imzolagani uni qattiq ranjitganiga shubha yo'q. Ha, Karvaxal va Xoseluning klubdagi hamkorligi nihoyasiga etdi, lekin terma jamoada ular hamon yonma-yon to'p surishmoqda. Melani va Dafnada esa Evro-2024 turnirining bosh sovrini bilan olingan fotosurat hozircha, yo'q!
S.RAHMONOV tayyorladi