Evro-2024dan biroz chalg'ish fursati keldi.
Bugun o'tgan mavsum yakunlariga qaytib, «Tarixda ilk marta» turkumiga kiruvchi voqeliklar haqida so'z yuritishni lozim topdik. Demak, sports.ru sayti ma'lumotlari asosida o'z mamlakatida ilk marta yuqori natija ko'rsatgan (chempion bo'lgan, kubok sohibiga aylangan, yuqori ligaga ko'tarilgan yoki shunchaki, xalqaro musobaqalarda o'ynash huquqini qo'lga kiritgan) klublar bilan tanishib chiqamiz. «Real»ning 1ta natijasi esa boshqacha xarakterga ega.
«Yagelloniya» (Polsha) - birinchi marta chempion
Belostok shahri jamoasi mamlakat chempionati yuqori ligasida 2007 yildan buyon ishtirok etmoqda. Asosiysi, ancha muvaffaqiyatli tarzda. Har holda, «Yaga» ortda qolgan 17 mavsumda 2 marta kumush medal yutdi, yana bir bora «bronza»ni o'ziniki qildi. Mana, belostokliklar so'nggi mavsumda ilk bora Polsha chempioni bo'lishdi. Eng qizig'i, jamoa bundan oldingi 4 mavsum davomida 8-o'rindan yuqoriga ko'tarilolmagan, hatto 14-pog'onagacha tushgandi. Xullas, chempionlik hatto «Yagelloniya»ning o'ta ashaddiy fanati tushiga ham kirmagandi. Polsha ligasida oxirgi turga qadar «Shlensk» klubi «Yaga»ga jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Yakunda ikki jamoa ochkolari soni ham teng edi. Faqat oxirgi turda Poznan «Varta»sini 3:0 hisobida mahv etgan «Yaga» qo'shimcha ko'rsatkichlar hisobiga chempionlikni tantana qildi. Endi Belostok klubi ilk chempionlik ortidan ChL saralash bosqichida o'ynaydi.
«Eyupspor» (Turkiya) - birinchi marta Superliga yo'llanmasi
Turkiyaning eng yirik shahri - Istanbul tarkibiga kiruvchi Eyup tumani jamoasi hech qachon elit divizionga chiqqan emasdi. O'z tarixining katta qismini havaskorlar ligalarida o'tkazgan jamoa mavsum-1982|1983da ilk marta turk futboli ikkinchi eshelonida o'ynagan, ammo atigi 1 yildan keyin ortga qaytgandi. «Eyupspor» shundan so'ng 37 yillik mashaqqatlar evaziga yana Ikkinchi ligaga chiqdi. Mana, bu safar 3 yillik mehnat ortidan nihoyat, Superliga yo'llanmasi ham rasmiylashtirildi. E'tiborli jihati, o'tgan yili «Eyupspor» boshqaruvini vaqtida «Atletiko» va «Barselona»da porlagan turkiyalik afsonaviy yarim himoyachi Arda Turon qo'lga oldi va birdaniga tarixiy muvaffaqiyat ijodkoriga aylandi. Aytgancha, hamyurtimiz Jahongir O'rozovni o'z safiga qo'shib olgan jamoa atigi 2500 muxlisga mo'ljallangan mo''jazgina «Eyup» stadionida o'ynaydi.
«Brest» (Frantsiya) - birinchi marta sovrindor va ChL yo'llanmasi
«Qaroqchilar» Liga1da 8-o'rin (mavsum-1986|1987)dan yuqoriga chiqolmagandilar o'z tarixlarida. Shuning uchunmi, oxirgi mavsum qayd etilgan muvaffaqiyat misli ko'rilmagan qiziqish keltirib chiqardi. Binobarin, «Brest» elitada so'nggi 14 mavsum tuzukroq natijaga erishmagandi. Yuqori divizionda 1979 yili debyut qilgan jamoa ilk urinishda so'nggi pog'onani band etib, quyiga qaytgan, lekin tezda ko'tarilishga erishib, keyingi 10 mavsumdan 9tasini (1981-1991 yillar) elitada o'tkazgandi. Shundan so'ng inqiroz davriga yuz tutgan «Brest» yana pastga quladi va 2004 yildagina Liga 2ga ko'tarildi. 2010 yili esa Liga1 yo'llanmasi qo'lga kiritildi. Bosqichma-bosqich taraqqiyot jarayoni nihoyat, mavsum-2023|2024da samara berib, jamoa o'z tarixida ilk bora Frantsiya chempionati sovrindorlari qatoriga qo'shildi - Erik Rua boshqaruvidagi «qaroqchilar» bronza medalini qo'lga kiritishdan tashqari, ilk bora evrokuboklarda qatnashish huquqini olishdi. Aslida «Brest» ChL chiptasidan quruq qolishi hech gap emasdi, faqat «Lill» yakuniy turlarda omadsiz o'ynab, nufuzli turnir yo'llanmasini «qaroqchilar»ga boy berdi.
«Rogashka» (Sloveniya) - birinchi marta mamlakat kubogi
Sloveniyada ushbu jamoaga nisbatan ko'pincha «chaqilmas yong'oq» ta'rifi ishlatiladi. 1999 yili tarqatib yuborilgan «Steklar» o'rnida tuzilgan «Rogashka» elitadagi debyut mavsumidayoq 8-pog'onani band etib, mamlakat kubogida birin-ketin «Nafta», «Triglav» va «Mura» to'siqlaridan o'tdi, hal qiluvchi bahsda esa «Goritsa»dan penaltilar seriyasi bo'yicha ustun keldi. «Steklar» esa yuqori ligada atigi 2 mavsum qatnashgan va aytarli natijaga erisholmagandi. Xullas, «Rogashka» Rogashka Slatina shahriga tarixda ilk marta sovrin taqdim etdi.
«Jirona» (Ispaniya) - birinchi marta bronza medali va ChL yo'llanmasi
2017 yilga qadar elit divizionni ko'rmagan Kataloniya klubi uchun eng qiziqarli voqealar aynan mavsum-2023|2024da yuz berdi. «Jirona» elitadagi debyutida o'z o'rnini saqlab qololmagandi. Muhimi, jamoa tezda yana yuqoriga ko'tarildi. Oddiy aytganda, yaqin o'tmishda «Rayo Valekano» safida dong taratgan futbolchi Migel Anxel Sanches Munos yoki shunchaki, Migel «Jirona»ni La Ligaga qaytaribgina qolmay, uni raqobatbardosh jamoaga aylantirdi. Mana, atigi 2 yildan keyin kataloniyaliklar sovrindorlar uchligidan joy oldilar. Ular yakunlangan mavsum «Barselona»ni 2 marta bir xil hisob (4:2)da taslim etishdi, «Atletiko»ni 4:3, «Granada»ni esa 7:0 ko'rinishida dog'da qoldirishdi. «Jirona» shuningdek, Primeroda «Real»dan keyin ikkinchi sermahsul jamoa bo'ldi - 85ta gol. Xususan, jamoaning ukrainalik hujumchisi Artyom Dovbik La Liga bosh to'purariga atalgan «Pichichi» sovriniga ega chiqdi. Kataloniyaning kamtarin jamoasi endi ilk marta ChLda o'ynaydi, yana to'g'ridan-to'g'ri guruh bosqichida!
«Egnatiya» (Albaniya) - birinchi marta chempion
Rrogojina shaharchasi tuzilgan jamoa Albaniya chempionati Oliy divizionida ilk marta mavsum-2004|2005da ko'rinish bergan va yakunda jadval oxiridan 2-o'rinni band etib, ortiga qaytgandi. Aytgancha, o'shanda so'nggi o'rinda qolgan «Lachi» 36ta o'yinda atigi 2 ochko ishlagan, naq 124ta gol qo'yib yuborib, ko'plab antirekordlarni o'rnatgandi. «Egnatiya»ga to'xtalsak, muxlislar jamoaning elitaga qaytishini uzoq vaqt kutishdi. Nihoyat, mavsum-2021|2022da yuqori divizionda o'ynagan «Egnatiya»ning yana omadsizlikka uchrashiga sal qoldi. Jamoa faqat «pley-off» o'yinida «Korabi»ni engish evazigagina o'z o'rnini saqlab qoldi kuchlilar davrasida. Keyingi mavsumni ancha muvaffaqiyatli o'tkazgan jamoa yakuniy 3-o'rin bilan evrokuboklar saralash bosqichi yo'llanmasiga ega bo'ldi. Garchi «Egnatiya» Armanistonning «Ararat» klubini engolmagan bo'lsada, o'z maydonida jangovar durangga erishdi - 4:4. Mana, shu klub endi Albaniyada tengsiz!
«Real» (Ispaniya) - birinchi marta ChLda mag'lubiyatsiz odim
«Qirollik klubi»ning yorqin mavsumi haqida ko'p va xo'p yozildi. Karlo Anchelotti drujinasi nafaqat ichki musobaqalar, balki xalqaro arenalarda ham buyuk ekanligini yana bir bora chiroyli tarzda isbotladi. ChLning 15 karra g'olibi - tasavvur qilish qiyin, lekin bu fakt! Madridliklar oxirgi 10 yillikda klub futbolining eng nufuzli musobaqasida 6 marta sovrinni boshlari uzra baland ko'tardilar, bu orada biror finalda mag'lubiyatga uchramadilar. Oxirgi mavsumning asosiy belgisi shuki, «Real» bu safar turnirni mag'lubiyatsiz o'tkazdi - 13ta o'yinda 10ta g'alaba va 3ta durang. Gollar nisbati - 28:15.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi