Bugun Frantsiya termasi o'ynaydi. Ammo meni bu o'yin emas, balki burni singan Mbappe masalasi ko'proq qiziqtirmoqda.
Gap shundaki, Kilianga “Burun sinishi” tashxisi qo'yilishiyu, uning bunchalar tez maydonga qaytishi mutaxassis sifatida meni biroz o'ylantirib qo'ydi.
Futbol tibbiyotida qay holatlarda bunday tashxis qo'yilishi, uning turli og'irlik darajasiyu futbolchi qanday muolajalar olishi kerakligi hamda qancha muddat o'tgach maydonga qaytishi borasida aniq ko'rsatmalar mavjud. Mbappe holatida mazkur tibbiy qoidalar shunchaki chippakka chiqqandek.
Burun sinishidek jiddiy tashxisdan so'ng Kilian kamida qolgan guruh bosqich o'yinlarini o'tkazib yuborishi kerak edi. Lekin u nafaqat guruhning so'nggi o'yinida maydonga tushdi, balki jarohatdan keyingi kunning o'zidayoq mashg'ulotlarda qatnashib, o'rtoqlik o'yinida maydonga tushishga ham ulgurdi.
Ma'lumot o'rnida aytib o'tay: burun – bosh suyagini tashkil qiluvchi asosiy qismlardan biri. Burunga etkazilgan jarohatdan so'ng sinishdek jiddiy tashxis qo'yildimi, demak o'z navbatida bu bosh miyaga ham sezilarli ziyon etdi degan gap. Bunday vaziyatda shifokorga burunning biroz qiyshayib qolishidan ko'ra, kelgusida asorat qolmasligi uchun bosh miyani profilaktik davo kursini o'tkazish haqida qayg'urishi uqtiriladi. Bunda o'z-o'zidan intensiv mashg'ulotlarda qatnashish cheklanishi lozim.
Xullas, Mbappening burun sinishi atrofidagi ma'lumotlar kamina uchun professional xarakterga ega bo'lmadi. Barcha chet el saytlarini titkilab chiqib, Kilianga qo'yilgan aniq tibbiy tashxis tafsilotlarini hanuzgacha topa olmadim.
Bu o'rinda frantsuz hamkasblarimga qarshi biror gap aytishdan yiroqman, ammo bu erda biz bilmagan boshqa holatlar borligi aniq.
Alal oqibat Mbappe burnida operatsiya o'tkazilgan taqdirda ham (agar o'tkazilsa) bu burun sinishidek jiddiy tashxis emas, balki ushbu tashxis ortida ko'rilgan burunning tog'ay qismi jarohati va uni to'g'rilash uchun qilingan kosmetik jarrohlik amaliyoti bo'lib chiqadi. Muxlislar uchun uni qanday sarlavhalar ostida yoritilishi esa umuman boshqa masala...
Abror Pirriev