Evropa chempionati arafasida Frantsiya terma jamoasi Lyuksemburg bilan o'rtoqlik o'yinini o'tkazdi.
Ana shu uchrashuv oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida Kilian Mbappe «Real Madrid» haqida ko'pchilikni qiziqtiradigan savollarga javob berdi.
«Real Madrid» haqida
- Matbuot anjumanini boshlashdan oldin, men bir necha so'z aytmoqchiman. Hamma allaqachon yangiliklarni eshitgan - bu rasmiy, men hech bo'lmaganda keyingi besh mavsumni «Madrid» o'yinchisi sifatida o'tkazaman. Bu men uchun katta zavq va azaliy orzularimning amalga oshishidir. Men baxtliman, engil tortdim va nihoyatda g'ururlandim.
Bugungi holati haqida
- Mavsum oxirida kamroq o'ynadim, sababini esa hammangiz bilasiz. Ammo hozir men oldingi formamga qaytish va terma jamoamga Evroda g'olib chiqishiga yordam berish uchun tinimsiz mashq qilyapman.
«PSJ» haqida
- Klub kattalari bu mavsum umuman o'ynamasligimni aytishdi. Luis Enrike va Luis Kampush meni qutqarishdi, ularsiz men maydonga chiqolmasdim. Bu haqiqat, shuning uchun men har doim klub bosh murabbiyi va sport direktoridan minnatdorman. Men tanqidni qanday eshitishni bilaman. Ammo o'z ishimni boshqalardan ko'ra yaxshiroq tahlil qila olaman, bu mavsumda men o'z standartlarimdan pastroq o'ynaganimga ishonaman. Ammo o'ynaganim g'ururlanish uchun sabab bo'ldi. Ishonchim komilki, keyingi mavsumda bunday o'yindan mamnun bo'lmayman.
«PSJ»dagi noroziliklar haqida
- Men «PSJ»da baxtsiz emasdim. Shunday klubga tupurib, baxtsiz ekanligimni aytish insofdan bo'lmasdi. Ammo meni xafa qilgan lahzalar bo'ldi, buni ko'rsata olmadim, chunki men jamoaning etakchisi edim va tushkunlikka tushgan odamga ergashishning iloji yo'q edi. Men katta bosimni boshdan kechirdim, lekin hayotda jiddiyroq narsalar bor. Bu futbol - men o'ynaganim uchun yaxshi maosh olaman. Fabrikalarda ishlayotgan ko'pchilik odamlar esa sezilarli darajada kam maosh olishadi. Shunday qilib, men o'z pozitsiyamda shikoyat qilishni odobsizlik deb bilaman - mening tarbiyam shunday.
Qo'llalashlar haqida
- Juda ko'p xabarlar va tabriklar oldim, hammasini o'qishga imkon bo'lmadi, lekin Krishtianu Ronaldu, Serxio Ramos, Iker Kasilyas va bo'lajak jamoadoshlarim meni tabriklaganliklarini ko'rdim - juda mamnunman. Barchalaridan minnatdorman va yanada yuqoriroqqa chiqishga umid qilaman.
Evromi yoki JCh?
- Menimcha, Evroni yutish jahon chempionatidan ko'ra qiyinroq. Guruh bosqichidan boshlab raqobat o'ta qizg'in. Oxirgi chempionlikka 24 yil bo'ldi - bu katta muddat, garchi qo'shimcha bosimni boshdan kechirmasak ham. Biz chiroyli futbol namoyish etish uchun tayyorgarlik ko'rishda davom etamiz.
Enrike va Deshamning farqi haqida
- Luis Enrike pozitsion futbolni afzal ko'radi. U hamma narsani nazorat qilishni yaxshi ko'radi - bunga berilib ketgan. Dide Desham bilan vaziyat boshqacha, u taktik jihatdan qat'iy, ammo hujumda erkinlikni qoldiradi. Bu esa sizga har kuni tajriba orttirish va o'rganish imkonini beradi.
MUHAMMADXON tayyorladi