Terzich «Real»ni to'xtatish uchun juda yaxshi reja tuzdi va bu ishladi ham. Birinchi taymda zarbalar soni bo'yicha 8-2. Ikkinchi taymda «Real» o'z pressing/sxemasini o'zgartirib, vaziyatni tenglashtirgan bo'lsa-da, zarbalar soni 3:4, ya'ni kurash davom etayotgandi.
Odatda, agar kuchsizroq jamoa favoritga qarshi teng o'ynayotgan, ya'ni reja o'xshayotgan bo'lsa, hech narsa o'zgartirilmaydi, jamoalar kuchini yaqinlashtirib turgan temp va tizimni saqlashga urinilishi kerak, mantiqan. Axir aynan shu faktor - g'alaba sari yagona yo'l.
Ammo «Real»da boshqa top klublarda bo'lmagan ajoyib xususiyat ham bor - go'yoki rostan ham bu kun «Real»ning kuni emasligiga, aslida, ular bilan o'ynash osonligiga ishonib qolasiz. Bu ustunlik axir o'sha mukammal rejangiz tufayli bo'ldi, «Real»ni noqulay sharoitga solib qo'yganingiz uchungina hali ham imkoniyatni saqlab turibsiz, deydigan odam yo'q.
Terzich, bemalol, endi hatto sxemani o'zgartirib ham, «Real» bilan bellashmoqchi bo'ldi, qanotdagi Adayemi o'rniga Marko Roysni tushirdi. Futbolchilar yangi sxemaga o'tib, vazifalar taqsimlab olgunlaricha, «Real» o'sha bo'shliqni his qildi. Bu borada haqiqatan «Real» - top - raqibning ojiz nuqtasi vaqtincha, biror muddatga paydo bo'lib qolsa ham, buni darhol his qilibgina qolmasdan, natijaga aylantiradi. Roys tushganidan so'ng, «Real» 2 gol urib, o'yin taqdirini hal qilib olguncha, o'n daqiqa ichida zarbalar soni 7-0.
«Real» 15 marta Chempionlar Ligasi g'olibi. Turnirning ushbu formatdagi oxirgi mavsumida «Real» g'olib bo'lmasayam adolatdanmas, axir. Turnir shu ko'rinishga kelganidan buyon 9-g'alaba. Eng yaqin jamoa - «Barselona»da 4ta. «Bavariya» va «Milan»da 3tadan. Oxirgi 27 finalning uchdan biri madridliklarning chempionligi bilan tugagan.
Aytishadi-ku, bunisi buzilib qoldi, boshqasini olib kel, deb. Rostanam bu EChL buzilib qoldi, kelasi yildan boshqachasi boshlanadi.
Qahramon Aslanov.