"Real" darvozaboni Kepa Arrizabalaga kelajagi haqida ma'lumotlar paydo bo'ldi. 29 yoshli darvozabon joriy mavsumni "Real"da ijara asosida o'tkazmoqda. Kepaning mehnat shartnomasi Londonning “Chelsi” klubiga tegishli.
Fabritsio Romanoning ma'lum qilishicha, futbolchi kelasi yozda "ko'klar"ga qaytadi. "Los Blancos" tarkibida Kepa barcha musobaqalarda 19 ta o'yin o'tkazib, 18 ta gol o'tkazib yuborgan va sakkiz marta o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Futbolchining "Chelsi" bilan shartnomasi 2025 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portali ispaniyalik futbolchining narxini 12 million evroga baholamoqda.